Axlat: ekologiyaga taʼsiri, nazorat usullari
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Dunyo miqyosida chiqindilar muammosi eng dolzarb ekologik masalalardan biri hisoblanadi. Oʻzbekistonda ham atrof-muhitni toza tutish maqsadida chiqindi tashlash uchun maxsus urnalar oʻrnatilgan. Lekin chiqindilarni duch kelgan joyda tashlash odatga aylanib qolgan.
Samarqand viloyatida kuchaytirilgan reyd nazorati tadbirlari jarayonida mahalliy aholi tomonidan bir necha hududlarda maishiy va qurilish chiqindilarini keltirib tashlashi oqibatida hosil boʻlgan noqonuniy chiqindixonalar aniqlandi.
— Bugungi kunda Samarqand shahri va tumanida chiqindini olib ketish bilan “Maroqand obod” tashkiloti shugʻullansa, oʻnga yaqin tumanda “Toza hudud” oʻz faoliyatini koʻrsatadi, — deydi “Maroqand obod” davlat unitar korxonasi ijrochi direktori Otajon Abdinarov. — Viloyat boʻyicha 300 dan ziyod chiqindi tashish texnikasi mavjud. Belgilanmagan joyga chiqindi tashlash 340 ming soʻmdan 17 million soʻmgacha jarimaga tortiladi. Oʻtgan yili 2 mingga yaqin shunday holat aniqlanib, huquqbuzarlar jarimaga tortildi.

Bugungi kunda yoʻl harakati qoidalari buzilganligini foto va video qayd etish vositalarini oʻrnatgan tadbirkorlarga ekologik huquqbuzarliklarni ham qayd etishga ruxsat berilgan. Bunda ularga jarima shaklida undirilgan mablagʻlarning 20 foizi toʻlanadi. Belgilanmagan joylarga chiqindi tashlanishining oldini olish maqsadida Samarqand shahrida onlayn kameralar joylashtirilmoqda. Yil oxirigacha kameralar soni 100 taga yetkaziladi.
— Bu kameralarning yuqori qismi 180 daraja, past qismi 360 darajani tasvirga oladi, — dedi viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi boʻlim boshligʻi Akmal Qoʻshboyev. — Shuningdek, 1 kilometr masofagacha shaxsni aniqlash imkoniyati bor. 3 kilometrgacha harakat tizimini koʻrsatib bera oladi. Mazkur kameralar doimiy nazorat qilib boriladi.
Nima boʻlganda ham, har birimiz atrof-muhitga munosabatni oʻzgartirishni oʻzimizdan boshlamasak, har qanday nazorat natija bermasligi aniq. Hurmatli yurtdoshlar atrof-muhit muhofazasiga, uning orastaligiga barchamiz birdek masʼulmiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring