Ayrim mansabdor shaxslarning deputat soʻroviga bepisandligiga chek qoʻyilmoqda

19:24 23 Iyun 2020 Siyosat
1146 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokama qilinmoqda.

Soʻngi yillarda Oliy Majlisning davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan samarali parlament nazoratini tashkil qilish, qabul qilinayotgan qonunlar, muhim ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy ahamiyatga ega davlat dasturlarining ijrosini taʼminlashga qaratilgan ishlari ancha jonlangan boʻlsa–da, biroq amaliyot deputatlik korpusi vakillari toʻlaqonli faoliyat olib borishiga toʻsqinlik qiluvchi ayrim masalalar borligini koʻrsatmoqda.

Ular orasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati va Senati aʼzosi tomonidan yuborilgan deputat, senator soʻrovlariga mansabdor shaxslar tomonidan ayrim hollarda bepisandlik bilan qarash, yaʼni oʻz vaqtida javob bermaslik, muddatlarini kechiktirgan holda javob qaytarish, soʻrov yuborilgan mansabdor shaxsning oʻzi tomonidan emas, balki uning oʻrniga boshqa shaxslar tomonidan javob qaytarish, mahalliy kengash deputatining daxlsizlik huquqiga rioya etilishiga oid muammolarni sanab oʻtish mumkin.

Xususan, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida deputat va senator soʻroviga mansabdor shaxs nomiga yuborilgan deputat (senator) soʻroviga mansabdor shaxsning oʻzi javob berishi lozimligi toʻgʻrisida majburiy norma yoʻq.

Qonunchilikda mavjud boʻlgan mazkur boʻshliq tufayli Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari tomonidan mansabdor shaxslar nomiga yuborilayotgan soʻrovlarga mansabdor shaxslarning oʻzi emas, balki ularning oʻrniga turli darajadagi xodimlar javob berayotganligi maʼlum boʻldi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, deputat mansabdor shaxslarga, qoida tariqasida, tegishli saylov okrugi saylovchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar yuzasida soʻrov yuborishga haqli. Yaʼni bundan koʻrinadiki, har bir deputat soʻrovining ortida avvalambor xalq manfaati turadi. Biroq, amaliyot shuni koʻrsatmoqdaki, ayrim mansabdor shaxslar bunday soʻrovlarga bepisandlik bilan qarab kelmoqdalar. Aksariyat hollarda deputat soʻroviga javobni bevosita mansabdor shaxsning oʻzi emas, balki bunga vakolati boʻlmagan boshqa shaxslar tomonidan imzolash hollari kuzatilmoqda.

Buni bartaraf qilishning eng samarali yoʻli qonun hujjatlarida deputat soʻroviga javobni mansabdor shaxsning oʻzi tomonidan imzolanishi zarurligini belgilab qoʻyishdir. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlament nazoratining taʼsirchanligini kuchaytirish boʻyicha oʻzining bir qator takliflarini bildirar ekan, deputat soʻroviga rahbarning oʻzi emas, balki uning oʻrinbosari, hatto boshqarma boshliqlari javob qaytarayotganligini asosli tanqid qildi va bunday salbiy holatlarga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmasligini alohida taʼkidladi.

Mamlakatimiz rahbari parlament va deputat soʻrovining taʼsirchanligini oshirish choralarini koʻrish lozimligiga eʼtibor qaratib, parlament va deputat soʻroviga vazirlik va idoralar birinchi rahbarlarining shaxsan oʻzlari javob berishi shartligini qonunda belgilashni taklif qildi.

Qonun loyihasi mamlakatimiz rahbarining ana shu taklifi asosida ishlab chiqilgan boʻlib, u parlament, deputat va senator soʻroviga javob xati, soʻrov kimning nomiga yuborilgan boʻlsa aynan oʻsha mansabdor shaxs tomonidan yoki uning vazifasini bajarish yuklatilgan shaxs tomonidan imzolanishi toʻgʻrisidagi majburiy normani joriy qilishni koʻzda tutadi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi deputatlik faoliyati kafolatlarini kuchaytirishga, mansabdor shaxslarning xalq vakillari oldidagi masʼuliyatini oshirishga, pirovardida esa hokimiyatning boʻlinishi prinsipini mustahkamlashga hamda vakillik demokratiyasining rivojlanishiga xizmat qiladi.

Jahongir Shirinov, 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 
OʻzMTDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер