Aholiga koʻrsatilayotgan neyroxirurgiya xizmatining sifati ortmoqda
Tinchlik va sogʻliq – bu har bir inson, butun aholimiz uchun hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydigan buyuk neʼmat. Sababi faqat sogʻlom inson va xalq mislsiz ishlarga qodir boʻladi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, avvalo, inson manfaatlarini taʼminlash, fuqarolarimiz salomatligini mustahkamlashga, ularning hayotdan, bugungi davr islohotlaridan rozi boʻlib yashashiga xizmat qilayotir.
Tibbiyotdagi islohotlar natijasida soʻnggi yetti yilda neyroxirurgiya yoʻnalishi ham katta oʻzgarishlarga yuz tutdi. Xususan, ilgari faqat respublika markazida bajariladigan jarrohlik va davolash amaliyotlarining qariyb 40 foizi yurtimizning 14 ta hududida joriy etildi.
Neyroxirurgiya xizmatining koʻlami va hajmi, tibbiy xizmat sifati viloyatlarda ortib borayotgani, mahalliy mutaxassislarning yosh bolalarda bosh miya nuqsonlarini yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini mustaqil ravishda bajarishi bunga yaqqol misoldir.
Quvonarlisi, bugun markazlar eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan boʻlib, turli neyroxirurgik kasalliklariga chalingan bemorlarga yuqori malakali tibbiy yordam koʻrsatmoqda.
Shuningdek, davlat tomonidan neyroxirurgiya yoʻnalishi boʻyicha yosh mutaxassislarni xorijda malaka oshirishi faol qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bu esa yosh shifokorlarga zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlib, keyinchalik olgan tajribalarini Oʻzbekiston tibbiyotiga tatbiq qilishga imkon beradi.
Sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida oxirgi 6 yilda oʻtkazilayotgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari soni 2018-yilga kelib, 9 955 ta, 2022-yilda esa 12 277 yetdi.
Prezidentimizning 2018-yil 7-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi farmoni mamlakatimiz tibbiyoti taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi. Zero, mazkur hujjatga asosan neyroxirurgiya boʻlimlari zamonaviy texnik uskunalar bilan taʼminlandi.
2022-yilda hududlarda 223 nafar aholida oʻtkazilgan tibbiy koʻriklarda 975 nafar bemor aniqlanib, ularning 114 nafarida jarrohlik amaliyotlari oʻtkazildi. Bunda, bajarilgan yuqori texnologiyali amaliyotlar ulushi 48 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, 9 ta yangi jarrohlik amaliyotlari oʻzlashtirildi. Jumladan, epilepsiya, bosh miya falaji, insultni oldini olish va oʻtkir davrida davolash, bolalarda retinoblastoma kabi onkologik kasalligini qon tomir orqali ximioterapiya oʻtkazish, bosh miya oʻsmalarini bemorlarni uygʻoq holatida oʻtkazish va boshqa turdagi jarrohlik amaliyotlari yoʻlga qoʻyildi.
Bundan tashqari, 100 nafardan ortiq neyroxirurg-shifokorlar xorijning turli mamlakatlaridan Oʻzbekistonda mahorat darslari oʻtkazish va konferensiyalarda qatnashish uchun keldi. 108 nafar mutaxassislar oʻz ish joylarida, 20 nafar mutaxassislar markazda, 15 nafar mutaxassislar xorijda yuqori texnologik amaliyotlar uchun qayta tayyorlandi.
Teletibbiyot orqali hududlarda har yili 30 ga yaqin masofaviy tibbiy maslahatlar tashkil qilinib, bemorlarga yashash joyida davolanish imkoniyati yaratilib kelmoqda. 58 ta oʻrin viloyatlarda bolalar neyroxirurgiyasi uchun ajratildi. Tibbiy buyumlar va dori vositalari bilan taʼminlash esa 99 foizni tashkil yetdi.
Ushbu oʻzgarishlar respublikaning barcha hududlarini yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, neyroxirurg vrachlarning oʻz maktabini shakllantirish va rivojlantirish hamda neyroxirurgik kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi va ularni davolash sohasida mamlakatda ilmiy tadqiqotlar doirasini kengaytirish imkonini berdi.
Bu saʼy-harakatlar natijasida ilgari faqat respublika markazida bajariladigan jarrohlik va davolash amaliyotlarining qariyb 40 foizi hududlarda amalga oshirilyapti. Neyroxirurgiya xizmatining koʻlami va hajmi, tibbiy xizmat sifati viloyatlarda ortib borayotgani esa eʼtiborga molikdir.
Umuman olganda, neyroxirurgiya sohasini rivojlantirishga qaratilgan ushbu chora-tadbirlarining barchasi mamlakatimizda mazkur yoʻnalishda koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini sezilarli darajada yaxshilanishiga olib keldi. Asosiysi, bemorlar xorijga chiqmasdan Oʻzbekistonning oʻzida tajribali mutaxassislardan malakali yordam olish imkoniyatiga ega boʻldi.
Mavludaxon ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring