Aholi bandligi va kambagʻallikni qisqartirishda natijalar va ustuvor vazifalar
Mikrokreditbank tomonidan Milliy matbuot markazida oʻtkazilgan matbuot anjumanida bankning oʻtgan yildagi natijalari va joriy yil rejalari taqdim etildi. Raqamlar koʻp, koʻrsatkichlar salmoqli. Lekin bu raqamlar ortida qanday iqtisodiy manzara yashiringani muhim.
Oʻtgan 2025-yilgi raqamlar oʻsishida sifat qanday?
2025-yilda bank tomonidan 10,2 trillion soʻm kredit ajratilgani birinchi qarashda katta koʻrsatkich. Bu mablagʻning 7,9 trillion soʻmi kichik va oʻrta biznesga yoʻnaltirilgani iqtisodiyotda aynan shu segment ustuvorligini yana bir bor koʻrsatadi. Shu bilan birga, 4,2 trln. soʻm dasturlar doirasida berilgani davlat siyosatining moliyaviy tizim orqali amalga oshirilayotganini anglatadi.
Buning natijasida 345 mingdan ortiq aholining bandligi taʼminlangani eʼtiborga molik. Lekin shu yerda muhim jihat bor, ularning122 ming nafari faqat doimiy ishga joylashgan, qolgan 223 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilingan. Bu tendensiya iqtisodiyotda “oʻzini oʻzi band qilish” modeli kuchayib borayotganini koʻrsatadi. Bunday yondashuv qisqa muddatda samara berishi mumkin, lekin uzoq muddatda barqaror ish oʻrinlari yaratish masalasi ochiq qolmoqda.
Mikroloyihalarga ajratilgan 905 mlrd. soʻm evaziga qariyb 100 ming ish oʻrni yaratilgan. Bir ish oʻrniga oʻrtacha 9 million soʻm toʻgʻri kelmoqda. Bu nisbat samaradorlik jihatidan yomon emas. Kam daromadli oilalar bilan ishlashda ham natija boʻlib, 11 mingdan ziyod xonadon qamrab olingan.

“Bir kontur – bir mahsulot” eksperiment yoki tizimli yechim?
Boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida masʼullar tomonidan amalga oshirilgan qator loyihalar xususida ham toʻxtalib oʻtildi. Xususan, 1 747 gektarda amalga oshirilgan 159 ta loyiha 34 ming tonna mahsulot bergan. Bu yerda asosiy koʻrsatkich 211 mlrd. soʻmlik daromad. Demak, har gektardan oʻrtacha daromad sezilarli. Eksport hajmi 2 195 tonnani tashkil etgani esa loyihaning tashqi bozorga chiqish imkoniyati borligini koʻrsatishi haqidagi maʼlumotlar ham berib oʻtildi.
Mazkur yoʻnalishdagi ishlar bank maʼmurlari tomonidan taʼkidlangani oʻrinli. Bundan koʻrinadiki tajriba agrar sohada ixtisoslashuv orqali samaradorlikni oshirish mumkinligini tasdiqlayapti. Lekin uni ommaviy modelga aylantirish uchun logistika, saqlash va qayta ishlash zanjirlari yanada mustahkamlanishi talab etiladi.
“Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 412 ta oilaning ijtimoiy reyestrdan chiqarilgani bu kichik koʻrsatkichdek tuyulishi mumkin. Ammo har bir oila ortida real ijtimoiy oʻzgarish turibdi. Shu bilan birga, bu raqam mamlakat miqyosidagi muammo hali katta ekanini ham koʻrsatadi.
— 2026-yilgi koʻlam kengayyapti, masʼuliyat ham shunga yarasha, — deydi bank matbuot kotibi Sarvar Ochilov. — Joriy yil uchun 11 trln. soʻm kredit rejalashtirilgan. Eʼtiborli jihati mikroloyihalar soni 10,5 mingtaga yetkazilishida. Bu mahalla darajasida iqtisodiy faollikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
“Bir kontur – bir mahsulot” loyihasi 4 775 gektargacha kengaytirilayotgani esa agrar siyosatda uzluksizlik borligini anglatadi. 7 mingdan ziyod dehqon xoʻjaliklari qamrab olinadi.
Yoshlar masalasi ham eʼtiborda. “Kelajakka qadam” dasturi orqali 3 600 nafar bitiruvchi ish bilan taʼminlanishi rejalashtirilgan. Bu mehnat bozorida yoshlar ulushini oshirishga xizmat qiladi.

Birinchi chorak rejalari qanday boshlandi?
Yilning dastlabki uch oyida 1,7 trln. soʻm kredit ajratilgan. Bu yillik rejaning taxminan 15 foizi. Demak, dinamika yomon emas.
16 mingdan ziyod aholining bandligi taʼminlangan. Bu yerda ham tadbirkorlik ustun. “Uychi tajribasi” orqali 1 800 dan ortiq ish oʻrni yaratilgani mahalliy muloqotlar samara berayotganini koʻrsatadi.
Mikrokreditbank faoliyatida ikki yoʻnalish yaqqol koʻrinadi — kredit berish orqali iqtisodiy faollikni oshirish hamda mahalla darajasida ishlash orqali aniq manzilli yondashuv. Bu yondashuv ishlayapti.
Mikrokreditbank raqamlari oʻsishni koʻrsatyapti. Mahalla darajasidagi ishlash modeli oʻzini oqlayapti. Lekin kelgusi bosqichda asosiy masala miqdordan sifatga oʻtish. Yaʼni, har bir ajratilgan soʻm real daromadga, barqaror ish oʻrniga aylanishi kerak.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring