Agrometeorologik kuzatuv nima uchun kerak?
Foto: “Xalq so‘zi”
Yog‘ingarchilik, havo harorati va quyosh nuri kabi iqlim omillari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda hal qiluvchi taʼsir ko‘rsatadi. O‘z navbatida, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari esa kunlik qabul qilish yoki uzoq muddatli rejalashtirishni amalga oshirishlari uchun aniq va ishonchli ob-havo maʼlumotlariga muhtoj. Shu maʼnoda, bugungi kunda mavsumiy ob-havo bashoratlari, masalan, ekinlarni joylashtirish va ularni ekish muddatlari, shuningdek, qurg‘oqchilik yuzaga kelganda chorva mollarini sotish zarurati haqida qaror qabul qilish tobora muhim bo‘lib bormoqda.
Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini agrometeorologik axborotlar bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha faol chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Yaʼni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq FAO O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markaziga 12 ta zamonaviy agrometeorologiya stansiyasini yetkazib berdi. Ushbu jihozlar Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari qishloq xo‘jaligi hududlarida joylashgan 12 ta meteorologiya stansiyasiga o‘rnatildi. Jihozlarni topshirish yuqorida qayd etilgan qaror bilan tasdiqlangan “2020 — 2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida qishloq xo‘jaligi sohasida gidrometeorologiyadan foydalanish bo‘yicha ustuvor loyihalarni amalga oshirish “yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan edi.
Agrometeorologiya stansiyalari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ko‘magida amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” loyihasi (CACILM-2) doirasida xarid qilindi.
— Avtomatik agrometeostansiyalar qishloq xo‘jaligi xodimlariga meteorologik maʼlumotlarni o‘z vaqtida va samarali olishda qo‘l keladi, — deydi loyihaning milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov. — Bu esa fermerlarga ekin ekish, pestitsidlardan foydalanish va boshqa ko‘plab masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilish orqali hosildorlik bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish imkonini beradi.
“Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil va sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” mintaqaviy loyihasi O‘zbekistonda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Loyihaning milliy hamkorlari – O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi.
Ushbu loyihaning amalga oshirilishi BMTning qurg‘oqchilik va cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi va BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi asosiy konvensiyasini amalga oshirishga ham salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring