Afgʻonistondan olib kelingan qariyb 9 kg “opiy” musodara qilindi
Videodan kadr
Xorazm viloyatida Afgʻonistondan qariyb 9 kg “opiy” giyohvandlik vositasini olib kelib, sotmoqchi boʻlgan shaxslar qoʻlga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo va Xorazm viloyatlari boʻyicha boshqarmalari tomonidan Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar oʻtkazilgan. Xususan, Qoʻshkoʻpir tumanida yashovchi, 1985-yilda tugʻilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs Urganch tumani hududida harakatlanayotgan vaqtida toʻxtatilib, xolislar ishtirokida tekshirilganda uning yonida 4 kg 407 gr “opiy” moddasi borligi maʼlum boʻlgan va protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Boshqa holatda esa “Beruniy-Urganch” yoʻnalishida harakatlanayotgan Lacetti rusumli avtotransport vositasi Urganch tumanidagi “Cholish” YPX maskanida toʻxtatilib, koʻzdan kechirilgan. Natijada avtomashinada ketayotgan Qoʻshkoʻpir tumanida yashovchi, 2002-yilda tugʻilgan, muqaddam narkojinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxsga tegishli 4 kg 541 gr “opiy” moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Bildirilishicha, har ikki holatda ham qonunbuzarlar Afgʻonistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan narkotik moddalarni Xorazm viloyatida mijozlarga sotib, moʻmay daromad topishni rejalashtirgan.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 28,246-moddasi (kontrabanda) 2-qismi va 25,273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring