Adolat va qudrat timsoli: Jizzaxda Amir Temur merosiga bagʻishlangan respublika anjumani boʻlib oʻtdi

14:12 09 Aprel 2026 Jamiyat
220 0

Bugungi globallashuv davrida milliy oʻzlikni anglash va tarixiy xotirani tiklash har qachongidan ham dolzarbroq ahamiyat kasb etmoqda. Jizzax davlat pedagogika universitetida boʻlib oʻtgan “Amir Temur va temuriylar davri merosi: davlatchilik, harbiy sanʼat, ilm-fan va maʼnaviy taraqqiyot fenomeni” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani aynan shu maqsadga xizmat qildi.

Mazkur anjuman shunchaki ilmiy yigʻilish emas, balki davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-fevraldagi “Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yoʻlidagi dastlabki va muhim qadamlardan biri boʻldi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi rahbari Iqboloy Umarovaning fikricha: “Bugungi anjuman tarixni shunchaki yodga olish emas, balki undan saboq chiqarishga qaratilgani bilan qadrlidir. Amir Temur va temuriylar davri – yuksak maʼnaviyat va adolatli davlatchilik maktabidir. Bu ruhni yoshlar ongiga singdirish Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy tayanchini mustahkamlaydi”.

Anjumanda asosiy eʼtibor Sohibqiron shaxsining murakkab va serqirra jihatlariga qaratildi. Soʻzga chiqqanlar Amir Temurning 27 ta davlatni yagona siyosiy makonda birlashtirgani, bu esa oʻz davrida insoniyat tamaddunini yangi bosqichga olib chiqqanini tarixiy faktlar bilan asoslab berdilar.

-Amir Temur shaxsi – adolat va qudrat uygʻunligining eng yuksak namunasidir, — deydi Jizzax davlat pedagogika universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Anora Jabbarova. – Uning davlat boshqaruvi tizimi va harbiy strategiyasi nafaqat oʻtmish merosi, balki bugungi kun islohotlari uchun ham maʼnaviy dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

Tadbir doirasida ilm ahli va ishtirokchilar manbashunoslik va tarixnavislik, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar tizimi, Boburiylar davri adabiy merosi va uning jahon madaniyatidagi oʻrni mavzularida qizgʻin bahs munozaralarga kirishdilar.

Tadbir yakunida ishtirokchilar bir ovozdan taʼkidlaganlaridek, bu kabi ilmiy muloqotlar tarixiy xotirani zamonaviy tafakkur bilan uygʻunlashtirishda muhim ahamiyatga ega. Zero, oʻz tarixini chuqur anglagan xalq kelajak sari ishonch bilan qadam tashlaydi.

Jizzaxda oʻtgan ushbu anjuman yosh avlod uchun milliy gʻurur va vatanparvarlik darsi, ilm ahli uchun esa yangi tadqiqotlarga ilhom manbai boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.

Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер