Adliya vazirligi tizimida idoraviy buyruq, qaror va farmoyishlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va eʼlon qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyilmoqda

17:30 28 Dekabr 2022 Jamiyat
871 0

Bugun, 28-dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining anjumanlar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va bir qator davlat boshqaruv organlari masʼullari ishtirokida “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonida belgilangan vazifalar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda 2023-yil 1-yanvardan Vazirlar Mahkamasi aʼzosi boʻlgan ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining Vazirlar Mahkamasining tarkibiy tuzilmalaridan mustaqil ravishda Bosh vazir bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashi tizimi joriy etilishi va mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining soni 61 tadan 28 tagacha, shu jumladan vazirliklar soni 25 tadan 21 tagacha qisqartirilishi yuzasidan soʻz bordi.

Adliya vazirligi masʼul xodimi Vazirlar Mahkamasi tizimida tashkil etiladigan vazirliklar roʻyxati hamda davlat boshqaruvi organlari vazifa va funksiyalari tegishli vazirlik va idoralarga oʻtkazilganligi, qayta tashkil etilayotgan respublika davlat boshqaruvi organlari, tashkiliy boʻysunuvi oʻzgargan 24 ta davlat boshqaruvi organlari toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori xususida ham soʻz bordi.

Xususan, endilikda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning hududiy boʻlinmalari masʼuliyatini oshirish maqsadida respublika va mahalliy darajadagi boʻgʻinlarning funksional chegaralari belgilanmoqda.

Shuningdek, endilikda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari bir vaqtning oʻzida xoʻjalik boshqaruvi organlarining rahbari vazifasini bajarishi taqiqlanadi.

Uyushma va boshqa xoʻjalik birlashmalariga davlat hokimiyati vakolatlarini berish va ularning rahbarlarini Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan lavozimga tayinlash amaliyoti bekor qilinadi.

Barcha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining qariyb 5 ming funksiyalari xatlovdan oʻtkazilib, 500 ga yaqin takrorlanadigan, oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hamda amalga oshirish mexanizmlari bilan taʼminlanmagan funksiyalar aniqlanganligini inobatga olgan holda respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlari funksiyalarining ochiq reyestri shakllantirilib, doimiy yuritish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Shu bilan birga, sinov tariqasida, Adliya vazirligi tizimida idoraviy buyruq, qaror va farmoyishlarni “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilish va eʼlon qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyilmoqda.

Anjuman soʻngida jurnalistlar oʻzlarining qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер