Adliya vazirining axboroti eshitildi
Senatning beshinchi yalpi majlisida Adliya vazirining 2019-yilda huquqiy targʻibot va maʼrifat sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti eshitildi.
Taʼkidlanganidek, oʻtgan yilda Vazirlik tomonidan 530 mingga yaqin targʻibot tadbirlari tashkil etilgan va davlat organlari tomonidan uyma-uy yurib, tegishli muammolarni aniqlagan holda fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi doirasida Adliya vazirligi tomonidan Internet tarmogʻida aholining huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishga xizmat qiluvchi 5 ta huquqiy portal ishlab chiqilgan.
Jumladan, bugungi kunda turli hayotiy holatlar boʻyicha huquqiy yechim taklif etiladigan va davlat xizmatlari koʻrsatish elektron tizimi bilan bogʻlanadigan “Advice.uz” (e-maslahat.uz) huquqiy portali ishga tushirilgan. Undan 53 ming nafardan ortiq shaxslar foydalangan. Qolaversa, yosh avlodlarning huquqiy bilimini oshirib borish, bolalarni kichik yoshdanoq qonunga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida “bolahuquqlari.uz” sayti va “test.adliya.uz” huquqiy savodxonlikni baholash tizimi yaratilib, ulardan 16 ming nafarga yaqin shaxslar foydalangan.
Shu bilan birga, majlisda senatorlar tomonidan huquqiy targʻibot sohasida muayyan kamchiliklar, oʻz yechimini kutayotgan muammolarga eʼtibor qaratildi. Qayd etilganidek, huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirishda, eng avvalo, huquqiy taʼlim-tarbiya borasidagi ishlar tizimli va uzviy olib borilmayapti, bu borada taʼsirchan mexanizm mavjud emas.
Bundan tashqari, jamiyatda manzilli huquqiy targʻibot tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish ishlarini yetarli darajada, deb boʻlmaydi. Aksariyat davlat organlari rahbarlari tomonidan faol ishtiroki taʼminlanmayapti, bu borada yuqori natijadorlik va samaradorlik koʻzga tashlanmayapti. Oqibatda qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilmoqda.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar uchun har haftalik huquq va majburiyatlar kuni, umumtaʼlim maktablari yuqori sinflari uchun huquq asoslari hamda tarbiya fanlari haftasiga 1 soatdan oʻqitilishi, oliy taʼlim muassasalari oʻquv rejalarida tegishli maʼnaviyat fani 78 soat oʻqitilishi belgilangan boʻlsa-da, ularning ilmiy izlanishlar va toʻplangan tajribaga asoslanganligi hamda samaradorligi yetarli darajada emas.
2019-yilda voyaga yetmaganlar tomonidan mamlakatimizda 739 ta jinoyatlar sodir etilgan. 2018-yilga nisbatan 19,9 foizga kamaygan boʻlsa-da, bu koʻrsatkich hanuzgacha balandligicha qolmoqda. Ayniqsa, jinoyat sodir qilgan 818 nafar voyaga yetmagan shaxsning 694 nafari maktab oʻquvchilari ekanligi salbiy holatdir.
Yana bir jihat. Huquqiy targʻibot ishlari taʼsirchan olib borilishi yoʻlga qoʻyilmaganligi oqibatida davlat organlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq boʻlmagan qarorlar qabul qilish amaliyoti hamon uchramoqda.
Shuningdek, majlisda davlat organlari tomonidan huquqiy targʻibot tadbirlari innovatsion usullari, shu jumladan, veb-texnologiyalaridan yetarli foydalanilmaganligi tanqid qilindi va bu borada koʻrsatmalar berildi.
Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring