Adliya vaziriga norma ijodkorligi faoliyati boʻyicha parlament soʻrovi yuboriladi

15:45 14 Noyabr 2023 Siyosat
190 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida adliya vaziri A.Toshqulovga “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida” Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish haqidagi masala koʻrib chiqildi.

Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimiz rivojlanishining siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi. Unda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi.

“Aqlli tartibga solish” modeli, “paket” prinsipi joriy etildi, normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi, gender-huquqiy, ilmiy va lingvistik ekspertizadan oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. 2023-yil 8-avgustda “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.

Shuningdek, oʻxshash munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni unifikatsiya qilish hamda amalda oʻz ahamiyati va dolzarbligini yoʻqotgan hujjatlarni bekor qilish boʻyicha ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2019-yil 1-yanvardan 2023-yil 1-sentabrga qadar jami 1 634 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilgan. Natijada yaxlit idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar soni 1 500 tadan 1 128 taga yoki 25 foizga qisqartirilgan.

Shu bilan birga “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida vazirlik va idoralar, agar ularga qonun hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish boʻyicha vakolatlar berilgan boʻlsagina, normativ-huquqiy hujjat qabul qilishi mumkinligi toʻgʻrisidagi talab mustahkamlab qoʻyildi.

Norma ijodkorligi sohasida amalga oshirilgan ishlar bilan bir katorda yechimini kutayotgan masalalar ham bor. Jumladan, qonun loyihalarini vazirliklar va idoralarning yuridik xizmati tomonidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazish hanuzgacha sifatsiz amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, Adliya vazirligi tomonidan 2022-yilda huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan 2 121 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasining 1025 tasi, 2023-yilning birinchi yarim yilligida huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan 822 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasining 386 tasi, amaldagi qonunchilik hujjatlari va yuridik texnika qoidalariga zid ekanligi, korrupsiyaviy omillar mavjudligi bois normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish huquqiga ega boʻlgan organga yoki loyihani tayyorlashni amalga oshiruvchi tashkilotga qaytarilgan.

2022-yilda vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan 344 ta loyihalarda 534 ta, 2023-yilning birinchi yarim yilligida esa loyihalarning 150 tasida 228 ta korrupsiyaviy omillar mavjudligi aniqlangan.

Bundan tashqari, 2021-yildan boshlab normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish taʼsirini baholash tizimi joriy etilib, bunda tartibga solish taʼsiri baholashdan oʻtkaziladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining toifalari belgilab qoʻyildi. Lekin masʼul vazirlik va idoralar tomonidan 2022-yil va 2023-yil birinchi yarim yilligida 243 ta shunday normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tartibga solish taʼsirini baholashdan oʻtkazilmagan.

Shu bilan birga, Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasidagi faoliyati boʻyicha qilingan tahlillar bu borada eʼtibor kuchaytirilishi lozim boʻlgan ayrim jihatlar mavjudligini koʻrsatmoqda.

Majlisda yuqoridagilardan kelib chiqib, adliya vaziri A.Toshqulovga “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер