Adliya - mahallada

13:46 19 Iyul 2022 Jamiyat
681 0

Foto: Xalq so‘zi

Andijon viloyati adliya boshqarmasi tomonidan shahar-tumanlarda ayni shu shior ostida sayyor qabullar oʻtkazilmoqda. Soha xodimlari bu gal Buloqboshi tumanidagi Shirmonbuloq mahallasida boʻldilar. Ular fuqarolarning muammolariga ijobiy yechim topish bilan birga aholi oʻrtasida huquqiy madaniyatni rivojlantirish chora-tadbirlariga ham eʼtibor qaratmoqda.

— Sayyor qabul avvalida mahalla ahliga “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun mazmun-mohiyati va ahamiyati hayotiy misollar bilan tushuntirib berildi, — deydi boshqarma matbuot xizmati rahbari Umidjon Mamarasulov. — Shundan soʻng tegishli tartibda fuqarolarning yer, ish haqini undirib berish, pensiya tayinlash, FHDYOga oid masalalar hamda boshqa kommunal sohalardagi muammolar boʻyicha murojaatlari tinglandi va tegishli tartibda koʻrib chiqish uchun nazoratga olindi.

Sayyor qabulda oʻnlab murojaatlarning aksariyati shu joyning oʻzida yechimini topdi. Ayrimlari esa ijro uchun yoʻnaltirilib, baʼzilari xususida huquqiy tushuntirish berildi.

— Huquqiy bilim kamligi, qonunlarni bilmaslik odamni chigal vaziyatga solib qoʻyishi rost ekan, — deydi shirmonbuloqlik uy bekasi Sanobar Akromova. — Shunday paytlarda qaysi idoraga bosh urishni ham bilmaysan kishi. Bugungi tadbir orqali koʻplab savollarimga javob olish bilan bir qatorda turarjoyni davlat roʻyxatidan oʻtkazish masalasidagi muammolarim hal boʻldi. Bundan juda xursandman.

Shirmonbuloq mahallasidagi sayyor qabulni eʼtirofga loyiq amaliy natijalar bilan yakunlagan viloyat adliya xodimlari navbatdagi manzilga yoʻl oldilar. Bu haqida esa kelasi safar soʻz yuritamiz.

 

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер