Adliya boʻlimining yangi binosi foydalanishga topshirildi

14:18 30 Avgust 2023 Jamiyat
366 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Ishtixon tuman adliya boʻlimi va yuridik xizmat koʻrsatish markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Davlat xususiy sherikchilik asosida 1 milliard 200 million soʻmdan ziyod mablagʻ evaziga qurilgan mazkur bino mustaqilligimizning 32 yilligi arafasida Ishtixon tumanining 260 mingdan ziyod aholisi uchun chinakam bayram sovgʻasi boʻldi.

Tantanali tadbirda Samarqand viloyat adliya boshqarmasi rahbarlari, tuman hokimligi mutasaddilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda taʼkidlaganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar inson va uning qadr-qimmati uchun xizmat qilmoqda.

Ikki qavatli yangi binoda barcha qulayliklar mavjud. Xususan, kutish xonalari, tadbirlar zali va murojaatchilarni qabul qilish xonasi hamda boshqa qulayliklar shular jumlasidandir. Bino qayta tiklanuvchi energiya tizimiga ulangan boʻlib, oʻrnatilgan quyosh panellari uzluksiz elektr energiya bilan taʼminlash imkonini beradi.

— Ishtixon tumani xalqi uchun bugun haqiqiy bayram, — deydi mehnat faxriysi Bahodir Xidirov. — Yildan yilga tumanimizda zamonaviy taʼlim maskanlari, koʻzni quvontiruvchi koʻrkam binolar qurilmoqda. Yoʻllar taʼmirlanib, aholiga barcha zarur qulayliklar yaratib berilyapti. Adliya boʻlimining yangi binosi ham ana shular qatorida ishtixonliklar uchun yana bir qulaylik boʻldi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер