Abituriyent orziqib kutayotgan kun

09:42 24 Avgust 2020 Jamiyat
1483 0

13557 nafar talaba tahsil olayotgan Namangan davlat universiteti respublikamizda oʻz nufuziga ega oliy taʼlim dargohlaridan biri. Keyingi yillarda uni eng zamonaviy axborot-texnologiyalari, innovatsion gʻoyalar, zamonaviy oʻquv binolari bilan taʼminlanishi taʼlim sifatining oshishida muhim omil boʻlmoqda. A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti qoʻshma taʼlim markazi hamda Ural davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda qoʻshma tibbiyot fakultetlari tashkil etilishi, ayniqsa, oʻzaro tajriba almashish, zamonaviy oʻquv metodlarini hayotga tatbiq etishda qator imkoniyatlarni yaratdi. Taʼlim muassasasida navbatdagi qabul jarayonlari ham qizgʻin davom etmoqda. 2020-2021 oʻquv yilida bilimli, iqtidorli yoshlarni keng qamrab olish maqsadida bir qator yangi yoʻnalishlar tashkil etildi. Yurisprudensiya, biotexnologiya, mevachilik va uzumchilik, sabzavotchilik va polizchilik, kartoshkachilik hamda issiqxona xoʻjaligini tashkil etish va yuritish, sirtqi taʼlimda filologiya va tillarni oʻqitish, rus-tili, matematika, geografiya kabi yoʻnalishlarning ochilishi yoshlarda katta qiziqish uygʻotmoqda. Ayniqsa matematikani rivojlantirish, bu sohada bakalavriat hamda magistrantlar sonini oshirishga eʼtibor qaratilgani diqqatga sazovor.

Aytish kerakki, bundan bir necha yillar avval Namangan davlat universitetida qabul koʻrsatkichlari uncha katta boʻlmagan. Keyingi ikki yilda esa oliygoh moddiy-texnik bazasi mustahkamlanishi, yangi yoʻnalishlar tashkil etilishi natijasida 2019-2020 oʻquv yilida qabul kvotasi 3308 ta, joriy yilda esa 4069 taga yetkazildi.

Maʼlumki, mamlakatimiz oliy taʼlim tizimidagi bu yilgi qabul jarayonlari avvalgi yillardan tubdan farqlanadi.Bu, asosan, dunyo boʻylab tarqalgan pandemiya sabab yuzaga kelgan vaziyat bilan bogʻliq. Oliy taʼlim Vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan aniq rejalar asosida onlayn tartibda hujjatlarni qabul etish tizimi yoʻlga qoʻyilgani, ayniqsa, barchaga maʼqul ish boʻldi. NamDUda ham call center markazi, maslahatxona faoliyati yoʻlga qoʻyilib, 12 nafar malakali mutaxassislar biriktirilgan. Abituriyent hamda ota-onalarning qabul bilan bogʻliq savollariga maxsus telefon orqali batafsil javob qaytarilmoqda.

Abituriyentlar yuqoridagi imkoniyatlardan unumli foydalanib joriy yilning 20-iyunidan 20-iyulga qadar abitur.dtm.uz sayti orqali oʻz hujjatlarini topshirdilar. 51409 nafar yigit-qiz 1-oliy taʼlim muassasasi sifatida bakalavriat yoʻnalishini tanlab, roʻyxatdan oʻtdi. Taʼlim muassasasini umumiy 5 ta OTM boʻyicha tanlagan abituriyentlar soni esa 195913 nafarni tashkil etmoqda. Shuningdek, 1-iyuldan, 30-iyulga qadar magistr.edu.uz sayti orqali magistraturaga, trancfer.edu.uz orqali talabani koʻchirish va qayta tiklash boʻyicha hujjatlar qabul qilindi. Ayni paytda ikkinchitalim.edu.uz sayti orqali 15-avgustdan, 30-avgustga qadar qabul jarayonlari davom etmoqda.

Universitet qabul komissiyasi tomonidan test sinovlarini oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining tegishli yigʻilish bayonlari asosida tashkil etiladi.

Qayd etilgan abituriyentlarning 6238 nafari alohida iqtidor talab qilinadigan taʼlim yoʻnalishlariga hujjat topshirgan. Ular jismoniy madaniyat, sport faoliyati, musiqa taʼlimi, vokal sanʼati, cholgʻu ijrochiligi kabilarni qamrab oladi. Ijodiy imtihonlar shaffofligini taʼminlash, pandemiya talablariga qatʼiy rioya etish qabul komissiyasining ustuvor vazifasiga aylangan. Kasbiy imtihonlar uchun maxsus, pandemiya talablariga toʻliq javob beradigan joylar tashkil etildi. Jismoniy madaniyat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha imtihonlar Namangan viloyat IIBning “Dinamo” oʻyingohida oʻn ikki kun davomida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Sport faoliyati taʼlim yoʻnalishi esa “Pahlavon” sport majmuasida besh kun davomida boʻlib oʻtadi. Sport faoliyatining xotin-qizlar sporti taʼlim yoʻnalishida ijodiy imtihonlar oʻn kun, musiqa taʼlimi, vokal sanʼati, cholgʻu ijrochiligi, taʼlim yoʻnalishlari uchun toʻqqiz kun Namangan davlat universiteti pedagogika fakulteti oʻquv binosi 1-,2- qavatlarida oʻtkazilishining aniq rejalari ishlab chiqildi.

— Asosiy test sinovlarini bugungi murakkab davrni hisobga olgan holda Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasi, viloyat IIBning “Dinamo”, shuningdek, “Navbahor” stadioni, Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Yoshlik” oʻyingohlarida barcha karantin qoidalariga toʻliq amal qilgan holda oʻtkazish rejalashtirilgan, — deydi universitet rektori Sobitxon Turgʻunov. — Ayni paytda tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Joylarda test oʻtkazishga olib boriladigan yoʻlaklar tashkil etildi. Bosh shtabda test materiallari qoplarini qabul qilish, ularni ochish joylarida video va kuzatuv kameralari oʻrnatiladi. Har bir abituriyent antiseptik vositalar, kepkalar bilan taʼminlanadi.

Ha, abituriyentlar orziqib kutayotgan kunlar yaqinlashmoqda. Butun eʼtibor test sinovlarining adolatli, shaffof oʻtkazishga qaratilganligi bilimdon va zukko yoshlarni saralab olishga xizmat qiladi, albatta.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер