Abdul Razzoq Ahmad: Oʻzbekiston ulkan istiqbolga ega davlat
Foto: Халқ сўзи
Malayziya Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, Oʻzbekiston yoshlari uchun oliy taʼlim muassasalarida tahsil olish imkoniyatini kengaytirmoqda. Bu haqda Toshkentda Oʻzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Sarvarxon Buzrukxonov va Malayziya global taʼlim xizmatlari agentligi (EMGS) raisi Abdul Razzoq Ahmad oʻrtasidagi muzokaralarda maʼlum qilindi. Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasida oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik muvaffaqiyatli boʻlib kelgani taʼkidlanib, istiqbolda yanada kengayishiga ishonch bildirildi.
Doktor Abdul Razzoq Ahmad Markaziy Osiyo davlatlari bilan oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik alohida ahamiyat kasb etishi, Malayziya xorijiy talabalar hamda iqtidorli yoshlarni jalb qilishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Xususan, aniq fanlar, yaʼni matematika va fizika sohasida kadrlar tayyorlash hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari boʻlishi mumkinligi aytildi.
Malayziya vakillari Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining magistratura va doktorantura bosqichi talabalarini tahsil va qoʻshma tadqiqotlar uchun yuborishni taklif qildi. Muzokaralarda Malayziyaning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hendi Assan ham qatnashdi.
Malayziya global taʼlim xizmatlari agentligi delegatsiyasi Oʻzbekiston Tabiat resurslari vazirligida ham boʻlib, oliy taʼlim sohasida ekologik taʼlimni rivojlantirish, iqlim oʻzgarishlarining oldini olish, oziq-ovqat xavfsizligini barqaror taʼminlash hamda suv resurslarini boshqarish istiqbollarini muhokama qildi. Delegatsiya, shuningdek, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti vakillari bilan hamkorlikni kengaytirish borasida oʻzaro fikrlashdi.
Malayziya global taʼlim xizmatlari agentligi (EMGS) dunyo boʻylab mamlakat taʼlim tizimini targʻib etish bilan shugʻullanadi. “Oʻzbekistonga taʼlim masʼullari bilan hamkorlikni kengaytirish yoʻllarini muhokama qilish uchun keldik. Oʻzbekiston inson salohiyati borasida ulkan istiqbolga ega. Malayziya bu borada koʻmak berishga tayyor. Albatta, bu har ikki tomon uchun manfaatli boʻlishi kerak. Malayziya islom moliyasi, islom banki, muhandislik, tibbiyot, turizm kabi yoʻnalishlarda katta tajriba orttirgan va biz bu boradagi ilgʻor tajribalari bilan oʻrtoqlashishga tayyor. Ayni paytda, oʻzbekistonlik yoshlar matematika, IT va boshqa aniq fanlar boʻyicha yuqori bilimga ega. Biz aynan ularni manfaatli loyihalarga jalb etmoqchimiz”, – deydi doktor agentlik rahbari Abdul Razzoq Ahmad.
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring