77 yil oldin topilgan “Omonqoʻton gʻori”ning siri oshkor boʻldi

14:48 23 Oktyabr 2024 Jamiyat
580 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Omonqoʻton qishlogʻi Urgut tumanining janubi-sharqiy qismida, Samarqand va Qashqadaryoni bogʻlovchi “Taxtiqoracha” dovonida joylashgan. Zarafshon togʻ tizmalari boʻylab, togʻoldi hududidagi mazkur qadimiy goʻshaning soʻlim tabiati, sof havosi har qanday kishini oʻziga maftun etadi.

Bu goʻshani mahalliy aholi Chaqil Qalyan, gʻarbiy qismini Qoratepa deb ataydi. Aynan shu qishloqdan Buyuk ipak yoʻli oʻtgan.

– Samarqanddagi eng qadimgi arxeologik yodgorliklardan biri Omonqoʻton gʻoridir, – deydi Samarqand davlat universiteti Arxeologiya kafedrasi mudiri Odil Ergashev. – Professor David Lev 1947-yilda gʻorda tadqiqot olib borayotganda bundan 100 ming yil oldin yashagan ibtidoiy odamlarning manzilgohi topilgan. Ushbu tarixiy ashyolar tariximiz haqida muhim maʼlumotlarni beradi.

Gʻorning umumiy uzunligi 82 metr boʻlib, ichkariga 10 metr kirilganda balandligi qariyb 4 kilometrlik keng joy bor. Gʻor ichkarisi supa va bitta xonaga boʻlingan. Xonadagi oq toshlar haligacha oʻz rangini yoʻqotmagan. Gʻor kuz, qish faslida iliq, bahorda suv bilan toʻlib, yozda salqin boʻladi.

– Markaziy Osiyo mintaqasining qadimgi tosh davrini oʻrganishda Omonqoʻton gʻori maʼlumotlariga murojaat qilmagan manbashunosni uchratish mushkul, – deydi dotsent O.Ergashev. – Dastlab bu yerga polshalik geologlar, amerikalik, italiyalik paleolit davri mutaxassislari tashrif buyurdi. Omonqoʻton gʻori nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo paleolitida muhim oʻrin tutadi. Bu davrni oʻrganishda tayanch yodgorlik hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-martdagi qarori asosida “Omonqoʻton milliy tabiat bogʻi” tashkil etilgan.

– Gʻor milliy tabiat bogʻi hududida joylashgan, – deydi Omonqoʻton milliy tabiat bogʻi direktori Azamat Amrullayev. – Har yili bahorda yer osti suv sathining koʻtarilishi natijasida gʻordan suv chiqadi. May oyining oxirigacha, baʼzida saratonga qadar davom etadi. Faqat bu yil iqlim oʻzgarishi tufayli suv chiqmadi. Gʻorda suvning paydo boʻlishi, qurishi tektonik harakatlar, ohaktoshlar yoriqlarning yopilishi yoki ochilishiga bogʻliq.

Milliy bogʻni tashkil etishdan asosiy maqsad tabiatni asrab-avaylash, oʻrmon va togʻoldi hududlardagi yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan oʻsimlik va hayvonot dunyosini saqlab qolishdan iborat. Hududning 1000 gektari qoʻriqxona zonasi, 400 gektar rekreatsion hudud, 100 gektari xoʻjalik yuritishga moʻljallangan.

Bogʻda 1300 turdan ziyod noyob oʻsimlik va daraxtlar, 120 turdan ortiq hayvon va jonzotlar yashaydi. Oʻsimlik va hayvonot dunyosini himoya qilish, xavfsizligini taʼminlash maqsadida hududda 15 nafar xodim faoliyat koʻrsatadi. Shuningdek, hududda taqiqlovchi va ogohlik belgilari oʻrnatilgan boʻlib, milliy bogʻga keluvchi mahalliy va xorijlik sayyohlar hamda aholi oʻrtasida bogʻning qoʻriqxona zonasiga ruxsatsiz kirmaslik, noyob oʻsimlik, daraxt va jonzotlarga ziyon yetkazmaslik borasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

– Bogʻning qoʻriqxona zonasiga kirish, oʻsimliklarni payhon qilish, “Qizil kitobga” kiritilgan oʻsimliklar va gullarni uzish, shikastlantirish, daraxtlarni, butalarni kesish, oʻtin va shox-shabba olish, dorivor-ziravor oʻsimliklarni terish maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi, – deydi A.Amrullayev. – Keyingi paytda milliy bogʻ hududidagi mahalliy aholi tomonidan dorivor oʻsimlik va gullarni uzish, ziyon yetkazish, qoʻriqxona zonasida chorva mollarini boqish holatlari kuzatilmoqda. Joriy yilda oʻnga yaqin holatda fuqarolar tomonidan qonunbuzilish holatlari kuzatildi. Ularga nisbatan tegishli tartibda choralar koʻrildi.

Bahor, yozda milliy bogʻ hududi mahalliy va xorijlik sayyohlar bilan gavjum boʻladi. Omonqoʻton gʻorining qadimligi va sofligini asrab-avaylab, kelajak avlodga shikastsiz yetkazish barchamizning burchimizdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер