70 turdagi qandolat mahsulotlari ishlab chiqaryapmiz
Foto: “Xalq soʻzi”
Yurtimizda yangi shukuh, yangi hayot va tub yangilanishlar boshlangan 2016-yili oilaviy korxonamizga asos soldik. Shu yili Karmana tumani hokimligi koʻmagi bilan 200 million soʻm kredit olib, xonadonimizda “Teramisu“ oilaviy korxonasini tashkil etdik. Xitoy davlatidan 14 turdagi uskunalar olib kelinib, 70 turdagi qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Hozirda korxonada 32 ta ish oʻrni yaratilgan boʻlib, ularning 17 nafarini mahallamizdagi “Ayollar daftari”da turuvchi xotin-qizlar tashkil etadi. Mahsulotlarimizga qoʻshni Samarqand va Buxoro viloyatlaridan ham talab bor. Daromadlarimiz evaziga yaqinda “Shirin diyor” savdo kompleksini bunyod etib, besh nafar ayolni doimiy ish bilan taʼminladik.
Oʻtgan yetti yillik faoliyatimni koʻz oldimga keltirib, erishgan marralarimiz mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar, inson qadri ulugʻlanishi, tadbirkorlarga koʻrsatilayotgan ragʻbat va gʻamxoʻrliklarning bevosita koʻzgusi, deb hisoblayman. Birgina misol, naqd va elektron toʻlovdagi tafovut nafaqat xalqimiz, balki biz tadbirkorlarga ham qanchalar tashvish edi. Turli idoralarning davomli tekshir-tekshirlarini aytmaysizmi? Bugun u kunlar tushdek unutildi.
Albatta, tadbirkorlikni boshlash va uni oyoqqa qoʻyish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Buning uchun istakdan tashqari jurʼat, qanoat va izlanish ham boʻlishi kerak. Demoqchimanki, qoʻl qovushtirib oʻtiradigan zamonlar oʻtdi. Endi har bir inson oʻz imkoniyatini, eng avvalo, oʻzi qadrlashi zarur.
Mendan koʻpincha baxtlimisiz deb soʻrashadi. Albatta, ha, baxtliman deyman. Shunday yurtning farzandi ekanligimizning oʻzi – baxt. Oppoq orzulari bor xalq farzandi ekanligimiz, uning tafti ila ulgʻayayotganimiz, kelajak avlodni ulgʻaytirayotganimiz – baxt. Musaffo tonglarning nafasidan bahramand boʻlayotganimiz, xotirjamlikda tunlarni tongga ulayotganimiz – baxt. Mana shu baxtimizga hech qachon koʻz tegmasin!
Maʼsuda YARQULOVA,
“Teramisu“ oilaviy korxonasi rahbari,
Karmana tumani.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring