5 va 10 yillik davlat qimmatli qogʻozlarini joylashtirish boʻyicha auksionlar muvaffaqiyatli oʻtkazildi

09:17 27 Iyul 2022 Iqtisodiyot
852 0

Joriy yilning 26-iyul kuni Oʻzbekiston respublika valyuta birjasida oʻtkazilgan navbatdagi elektron auksion savdolarida umumiy hajmi 200,0 mlrd.soʻmlik muomala davri 5 yil va umumiy hajmi 100,0 mlrd.soʻmlik muomala davri 10 yil boʻlgan davlat qimmatli qogʻozlari joylashtirildi. Ushbu davlat qimmatli qogʻozlarining foiz kupon toʻlovi mos ravishda, yillik 17,5 va 18 foizni tashkil etadi.

Auksion natijalariga koʻra, bozor ishtirokchilari tomonidan 5 yillik davlat qimmatli qogʻozlarini sotib olish uchun kelib tushgan umumiy hajmi 315,1 mlrd.soʻmlik buyurtmalardan 200 mlrd.soʻm miqdordagi buyurtmalar 18,52 foizga teng oʻrtacha tortilgan daromadlilik bilan va 10 yillik davlat qimmatli qogʻozlarini sotib olish uchun kelib tushgan umumiy hajmi 166,8 mlrd.soʻmlik buyurtmalardan 100 mlrd.soʻm miqdordagi buyurtmalar 19,16 foizga teng oʻrtacha tortilgan daromadlilik bilan qanoatlantirildi.

Oʻrta va uzoq muddatli inflyatsiyaga bogʻlangan davlat qimmatli qogʻozlari emissiya qilinishi milliy valyutadagi past xatarli instrumentlarni chiqarish orqali mablagʻlarni jalb qilish benchmarki boʻlib xizmat qilib, moliyaviy instrumentlarni diversifikatsiyalash hamda moliya bozoriga yangi ishtirokchilar (norezidentlar, jismoniy shaxslar, sugʻurta kompaniyalari va boshqalar)ni jalb etish uchun zamin yaratadi.

Qayd etish joizki, Moliya vazirligi tomonidan davlat qarzi portfelini diversifikatsiyalash va valyuta xatarlarini pasaytirish maqsadida davlat qimmatli qogʻozlarini chiqarish hajmi oshirilmoqda va ichki moliya bozorlarini rivojlantirish borasida tizimli choralar koʻrilmoqda.

Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi “Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6207-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2021-2022-yillarda kapital bozorini rivojlantirish dasturini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning 35-bandida bozor talabidan kelib chiqib, uzoq muddatli (5-10 yil) davlat qimmatli qogʻozlarini chiqarish boʻyicha auksionlar oʻtkazishni amaliyotga kiritish belgilangan.

Moliya vazirligi kelgusida ham davlat qimmatli qogʻozlarini chiqarishda ichki davlat qarzini samarali boshqarish va mahalliy moliya bozorlarini rivojlantirish maqsadlaridan kelib chiqib, moliya bozorlaridagi joriy holat va talabni inobatga olgan holda amalga oshiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер