378 oila yangi xonadonga ega boʻldi
Mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida Fargʻona shahrida ipoteka kreditlari asosida yangi qurilgan 7 qavatli 9 ta uylar aholiga foydalanishga topshirildi.

378 xonadon. Endi bu zamonaviy va koʻrkam xonadonlarda yosh oilalar, kelin-kuyovlar, buvi-yu nabiralar shod-xurram hayot kechiradilar. Ularning har biri bugun cheksiz quvonch hissini tuymoqdalar.
Muborakxon Arslonova shahar chetidagi eski xonadonlarda istiqomat qilar edi. Shahar markazida yashash, yangi uyiga kelin tushirishni koʻpdan beri orzu qilgan opa mustaqilligimizning 28 yilligi shodiyonalari arafasida bu orzu havaslari roʻyobini koʻrdi.

Dilorom Saidova 25 yoshda. Goʻzallik salonida ishlaydi.U ham 3 xonali uyning sohibasi boʻldi. 2 nafar farzandi bilan shinam va barcha qulayliklar mujassam boʻlgan 3 xonali zamonaviy xonadonda xushnudlikda hayot kechirishidan mamnun.

Yangi xonadonlarni oʻz egalariga topshirish tantanasi munosabati bilan dasturxon yozildi,kuy-qoʻshiqlar ijrosi dillarga bayram shukuhini ulashdi.

–Bayramlar bayramga ulandi, – deydi Muborakxon Arslonova. – Eng quvonchli va shukuhli onlarda turibmiz. Yaqindagina oʻgʻlimni uylab, kelinli boʻlgan edim.Mana ikki xonali uyli ham boʻldik. Kelin salomlar bilan yangi xonadon yanada fayzga toʻldi. Farovon hayotimiz, tinchligimizga, yurtimizga koʻz tegmasin.

Shuningdek,avtomabil turar joylari,bolalar maydonchalari, dam olish joylari “Margʻilon ixtisoslashgan taʼmir qurilish”xususiy korxonasi tomonidan qurib bitkazilib, aholi ixtiyoriga topshirildi.
Tantanali tadbirda Fargʻona viloyati hokimi Sh. Gʻaniyev qatnashdi.
Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring