300 ming kishi Rossiya qurolli kuchlari safiga chaqirildi. Ulardan 13 ming nafari koʻngilli. Mamlakatda qisman safarbarlik tugadi

01:42 29 Oktyabr 2022 Dunyo
2400 0

Foto: РИА «Новости»

Rossiyada shu yilning 21-sentyabr kuni boshlangan qisman safarbarlik yakunlandi. Oʻtgan vaqt ichida 300 ming kishi mamlakat qurolli kuchlari safiga chaqirildi. Bu haqda juma kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu prezident Vladimir Putinga hisobot berdi.

Davlat rahbari Qurolli kuchlar safiga qoʻshilgan barchaga minnatdorchilik bildirib, harbiy komissiyalar faoliyatini modernizatsiya qilish, frontga faqat tayyorgarlikdan oʻtgan jangchilarni joʻnatish boʻyicha topshiriqlar berdi.

“Safarbar qilinganlarni qoʻshinlarga joʻnatish 28-oktyabr, juma kuni tugadi”, dedi Shoygu.

Mudofaa vazirining soʻzlariga koʻra, Prezidentning 300 ming kishini harbiy xizmatga chaqirish boʻyicha topshirigʻi bajarildi. Uning qoʻshimcha qilishicha, yangi topshiriqlar rejalashtirilmagan. Harbiy roʻyxatga olish va qabul qilish boʻlimlari faqat koʻngillilar va kontrakt boʻyicha xizmatga nomzodlarni qabul qilishni davom ettiradi.

26-sentyabr kuni mintaqalarda qisman safarbarlik yakunlangani haqida birinchi boʻlib Qrim va Sevastopol rahbarlari hisobot bergan boʻlsa, ertasi kuni Bryansk viloyati gubernatori reja 100 foiz bajarilganini maʼlum qildi. Moskvada qisman safarbarlik 17-oktyabrda yakunlandi.

Kimlar chaqirildi?
Mobilizatsiya qilinganlarning oʻrtacha yoshi 35 yoshni tashkil etadi. Ularning 1,3 ming nafari turli darajadagi ijro hokimiyati organlari vakillari, 27 ming nafari tadbirkorlardir.

Safarbarlik doirasidagi koʻngillilar 13 ming kishini yoki 4,3 foizni tashkil etdi.

Shoyguning soʻzlariga koʻra, “maxsus harbiy operatsiya” zonasiga 82 ming chaqiriluvchi borgan, ularning yarmi allaqachon boʻlinmalar tarkibida harakat qilmoqda. Qolganlar esa mashgʻulotlarni davom ettirmoqda.

“Qoʻshinlarga kelganlarning barchasi shartnoma asosidagi harbiy xizmatchilarning belgilangan turdagi nafaqalari, kiyim-kechaklari, jihozlari, oziq-ovqatlari bilan taʼminlanadi”, deydi vazir.

Prezident birinchi bosqichida muqarrar qiyinchiliklar yuzaga kelgan qisman safarbarlikdan zaruriy xulosalar chiqarish, harbiy komissarliklarning butun ish tizimini modernizatsiya qilish, uni zamonaviy darajada qurish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Rossiya prezidenti, shuningdek, “maxsus harbiy operatsiya” tajribasidan kelib chiqib, qurolli kuchlarning barcha tarkibiy qismlari, jumladan, quruqlikdagi qoʻshinlar qurilishiga tuzatishlar kiritish haqida koʻrsatma berdi. 

Safarbarlik qilinganlar harbiy xizmatni oʻtayotib, ular bilan mehnat shartnomalari toʻxtatiladi. Ularning ish joylari va lavozimlari saqlanib qoladi, xizmat muddati mehnat stajiga hisoblanadi. Safarbar qilinganlar xizmat muddati tugaganidan keyin uch oy ichida oʻz mehnat vazifalariga qaytishlari mumkin.

Barcha safarbar qilinganlarga oyiga 195 ming rubldan kam boʻlmagan haq toʻlanadi. Toʻlovlar boʻlajak jangchilarni tayyorlash vaqti uchun ham taqdim etiladi.

Safarbar qilinganlarga “maxsus harbiy operatsiya” zonasidan qaytgach, jangovar faxriy maqomi beriladi.

“Maxsus harbiy operatsiya” ishtirokchilari, safarbar qilinganlar va ularning oila aʼzolari uchun isteʼmol va ipoteka kreditlari boʻyicha taʼtillar olish huquqi beriladi.

Hududlar miqyosida safarbar etilganlarning oilalari va ularning oila aʼzolariga bir yoʻla toʻlovlar, oziq-ovqat paketlari va boshqa turdagi yordam koʻrsatilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер