25 km uzoqlikdagi maktabga borishga majbur boʻlgan oʻquvchilar masalasi Bolalar Ombudsmani aralashuvi bilan hal etildi
Bola huquqlari boʻyicha vakil nomiga 24 nafar voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari murojaat qilib, farzandlari ilmga chanqoq ekanligini, oʻz tumanlaridagi mavjud ixtisoslashgan maktabda kvota yetmaganligi bois, farzandlari oʻz yashash joylaridan 25 km uzoqlikdagi Margʻilon shahar ixtisoslashgan maktabiga qatnab taʼlim olib kelishayotganligini, oqibatda bolalar uzoq yoʻlga qatnashga majbur boʻlishayotganligini, ayniqsa qish kunlari borib kelishda transport bilan bogʻliq muammolar boʻlayotganligini va ularning havfsizligi masalasi ota-onalarning xavotiriga sabab boʻlayotganligini bildirishib, farzandlarini Oltiariq tumanidagi ixtisoslashgan maktabga oʻqishlarini koʻchirishda, yoki kelasi yilgi oʻquv yilida 6-sinfga qabul qilishlarida amaliy yordam berishni soʻrab murojaat qilishgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasida bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan toʻlaqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir deb belgilangan.
Ushbu masala yuzasidan Vakil tomonidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Fargʻona viloyati hokimi nomiga bolalarning manfaatlaridan kelib chiqib, bilimga chanqoq bolalarning taʼlim olishlari uchun shart-sharoit yaratish, ularning huquqlarini taʼminlashni soʻrab murojaat qilindi.
Quvonarlisi, Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Oltiariq tuman ixtisoslashtirilgan maktabida 6-sinf uchun 2023-2024-oʻquv yilida 24 nafar qoʻshimcha kvota ajratilishini hamda mazkur oʻrinlarga Oltiariq tumanida yashovchi oʻquvchilarni Margʻilon shahar ixtisoslashtirilgan maktabidan Oltiariq tuman ixtisoslashtirilgan maktabiga koʻchirilishi toʻgʻrisida maʼlum qilindi.
Bolalarning ushbu muammosi ijobiy hal etilganligi bizlar uchun haqiqiy quvonarli voqea boʻldi desak adashmaymiz. Bu masalaga befarq boʻlmaganligi uchun Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz. Zero, bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda barchamiz birdek javobgarmiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring