24 yildan buyon toʻshakka mixlanib qolgan shofirkonlik ayol hamda uning turmush oʻrtogʻi qanday qilib ajralish yoqasida turgan 12 ta yosh oilaning koʻzini ochib qoʻydi?
Taqdir ekan, Shofirkonning Doʻstlik qishlogʻida istiqomat qiluvchi Muhabbat Ostonova ogʻir xastalik tufayli salomatligini yoʻqotdi.24 yildirki, toʻshakda.Ammo ruhan choʻkmadi.Oʻz – oʻziga “Farzandlarim, yaqinlarim uchun yashashim kerak”, dedi.Yaxshi damlar umidi bilan kunlarni oylarga, oylarni yillarga uladi.Sabrga va... jigargoʻshalariga suyandi.Yaratganga shukr, dedi.
Turmush oʻrtogʻi Ixtiyor aka uni yolgʻizlatib qoʻymadi.Shirin soʻzini, mehrini ayamadi.Taqdirning ayovsiz zarbalariga yelka tutib berdi.Qanoat qildi.Ayrim “tili burro” kimsalarning “Xotining bir ahvolda boʻlsa, nima qilasan u bilan yashab.Ajral.Boshqaga uylan” qabilidagi gap – soʻzlariga eʼtibor ham qilmadi.”Turmush oʻrtogʻim sogʻ – salomatligida menga uch nafar suqsurday farzand tugʻib berdi.Salomatligini yoʻqotib qoʻyganida nega endi men uni oʻz holiga tashlab qoʻyishim kerak?”, deya javob berdi.Iymonidan ayrilmadi.
Mabodo, matonat, sadoqat, oilaviy totuvlik, mehru muhabbatga haykal qoʻyilgudek boʻlsa shu oddiy va ahil qishloq oilasi unga andaza vazifasini oʻtashi mumkin edi, degan xayolga borasan, kishi.
-Qarangki, “Oyning oʻn beshi qorongʻu, oʻn beshi yorugʻ, deganlari bejiz emas ekan,-deydi Shofirkon tumani hokimi oʻrinbosari, xotin – qizlar qoʻmitasi raisi Nigora Yoʻldosheva. - Muhabbat opa bilan Ixtiyor aka hayot qiyinchiliklarini yengib oʻtish evaziga baxtli turmush kechirishyapti.Uch nafar farzandlari bor.Biri – biridan shirin nevaralarini aytmaysizmi?Ularni koʻrganida Muhabbat opa dardlarini unutadi.Bahri dili ochilib, oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoladi.
Yaqinda tumandagi “Ziyo” yoshlar markazida viloyat va tuman hokimligi, xotin – qizlar qoʻmitasi, “Oila” ilmiy – amaliy tadqiqot markazi viloyat boʻlimi, huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlikda “Ajrimlar yechim emas” mavzuida tadbir oʻtkazildi.Unga Muhabbat opa bilan Ixtiyor aka ham taklif qilindi.
-Ayrimlar “Xotining kasal, boshqaga uylan”, deya menga maslahat berishadi,- dedi qiyinchiliklarni qanday yengishayotgani haqida soʻzlab berarkan Ixtiyor Ostonov.- Men shundaylarga qarata “Ey, inson, har gapni oʻylab gapir.Bu ayol menga uch farzand tugʻib berdi.Oilasidan, bolalarimdan mehrini ayamadi.Xastalanib, qoʻl – oyogʻi ishlamay qolganida uni yolgʻizlatib qoʻyish mardning ishi emas.Balki sen uchun u kasal va ojizdir.Ammo men uchun bu ayol farishta” deyman.
- Menga shunday yostiqdoshni uchratganiga Allohga ming karra shukr aytaman,- dedi oʻz navbatida nogironlik aravachasida kelgan Muhabbat opa.- Barcha yosh oilalarga qarata albatta sadoqatli xotin, sadoqatli er boʻlinglar, bir – birlaringni ayanglar, deyman.
Bu soʻzlar toʻplanganlar qalbini larzaga keltirdi.Eng muhimi, yurakka tegadigan shu gap – soʻzlar arzimas sabablar tufayli ajralish yoqasiga kelib qolgan 12 ta yosh oilaning koʻzini moshdek ochdi.Ular yarashishdi.Oʻz navbatida xotin – qizlar qoʻmitasi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bu oilalarni qiynayotgan masalalar yechimiga kirishdi.Chunki muammoning yechimi ajrimda emas.
Bizga xabar qilishlaricha, joriy yilning oʻtgan davrida tumanda turli sabablar tufayli ajralish fikriga kelgan 37 ta oila ana shunday taʼsirchan choralar evaziga yarashtirildi.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring