2025-yilga borib Xitoyda aholi qisqarishi bashorat qilinmoqda
Foto: Reuters
Xitoy 2025-yilga borib demografik muammolarning yomonlashuvi tufayli aholining qisqarishiga duch keladi. Bu haqda “Global Times” xabar bermoqda.
Xitoy Sogʻliqni saqlash milliy komissiyasining Aholi va oila masalalari boʻlimi boshligʻi Yan Venchjuanning aytishicha, hukumat yaqin besh yil ichida aholi sonining qisqarishini bashorat qilmoqda. 2021-yilda Xitoyning ayrim provinsiyalarida yangi tugʻilgan chaqaloqlar soni bir necha oʻn yilliklardagi eng past koʻrsatkich boʻldi.
Masalan, mamlakat markazidagi Xunan provinsiyasida 60 yil ichida birinchi marta 500 mingdan, Xenan provinsiyasida 1978-yildan beri birinchi marta 800 mingdan, sharqiy Szyansi provinsiyasida esa 1950-yillardan beri birinchi marta yangi tugʻilgan chaqaloqlar soni 400 ming kam boʻldi.
“Bu uzoq vaqt davomida past tugʻilishning muqarrar natijasidir”, deydi Xitoy va globallashuv markazining katta ilmiy xodimi, demografiya boʻyicha ekspert Xuan Venchjen. Uning qoʻshimcha qilishicha, bu tendensiya bir asrdan koʻproq vaqt davomida hukmron boʻladi.
Demografik inqiroz mamlakat iqtisodiyotiga tahdid solmoqda. 16 yoshdan 59 yoshgacha boʻlgan mehnatga layoqatli aholi soni 2020-yilda 890 ming kishiga kamaygan. Agar tugʻilish pasayishda davom etsa, Xitoyda mehnat bozorida tanqislik yuzaga keladi.
1979-yildan 2015-yilgacha Xitoy hukumati bir oila, bir bola demografik siyosatini olib bordi. 2016-yil boshidan buyon mamlakat fuqarolariga ikki farzand koʻrishga ruxsat berildi.
Endi rasmiylar tugʻilishning pasayishini sekinlashtirish uchun tobora faolroq choralar koʻrmoqda. Joriy yilning aprel oyida Xitoy Xalq banki aholining qarishi sharoitida fuqarolarni farzand koʻrishga chaqirgan edi. 2021-yil may oyida oilalarga uchta farzand koʻrishga ruxsat berildi. Vaholanki, 2016-yildan boshlab ota-onalar oilada ikkitadan koʻp farzand koʻrsalar jarima toʻlashga majbur edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring