2023-yilda qurilish chiqindi poligonlarini qurish uchun qariyb 28 mlrd soʻm, tibbiyot chiqindilarini zararsizlantirish uchastkalarini qurish uchun 50 mlrd soʻm mablagʻ moliyalashtiriladi

22:25 06 Yanvar 2023 Jamiyat
934 0

Foto: «Халқ сўзи»

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Tabiat resurslari vazirligi masʼul xodimi Jamshid Ishchanov maʼlum qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-avgustdagi “Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni tashkil etish tizimini isloh qilish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinishi natijasida Sanitar tozalash faoliyati bilan shugʻullanuvchi xususiy tadbirkorlik subyektlariga quyidagi imtiyozlar belgilandi.

Jumladan, Sanitar tozalash boʻyicha ixtisoslashtirilgan korxonalar respublika birlashmasi hamda Sanitar tozalash xizmatlarini tashkil etish markazlari sanitar tozalash xizmatlarini koʻrsatganlik uchun undiriladigan 10 foiz miqdoridagi ajratmalardan ozod qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Soliq va byudjet siyosatining 2023-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ–812-son Qonuni qabul qilindi.

Mazkur Qonun bilan chiqindilarni toʻplash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash faoliyatidan olingan daromadlar hisobot davri yakunlari boʻyicha jami daromadning kamida 90 foizini tashkil etgan soliq toʻlovchilar uchun 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda mazkur faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻi va ijtimoiy soliq stavkalari 1 foiz miqdorida etib belgilandi.

Qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan davlat korxonalari hisobidagi maxsus avtotransport vositalari va texnikalarini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sherikka berish muddatini 7 yildan 10 yilga bir yillik imtiyozli davr bilan uzaytirilishi yuzasidan amaldagi davlat-xususiy sheriklik bitimlariga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Respublikada “Ekologik patrul” ishlash tizimi doirasida ichki ishlar, milliy gvardiya va ekologiya organlari xodimlaridan iborat 90 ta guruhlar tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-avgustdagi “Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilinishi natijasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi hamda uning hududiy filiallari tashkil etildi.

Ijtimoiy soha muassasalarida oʻrnatilishi lozim boʻlgan 9 526 ta chiqindi konteynerlaridan 8 686 tasi oʻrnatildi.

Respublikadagi 239 ta qattiq maishiy chiqindilarni koʻmish poligonlarining 64 tasi rekultivatsiya qilindi, shundan 44 ta poligon faoliyati toʻxtatildi va hokimiyat yer zaxirasiga qaytarib topshirildi.

Xorazm viloyati Qoʻshkoʻpir tumani hududida 15 gektar yer maydonida 2,8 mlrd soʻm byudjet mablagʻlari hisobidan qurilish chiqindi poligoni tashkil etildi.

Davlat ekologiya qoʻmitasida sanitar tozalash korxonalarining xizmat koʻrsatish sifatli amalga oshirilishini onlayn nazorat qilish uchun Situatsion markaz faoliyati ishga tushirildi.

Sanitar tozalash korxonalaridagi mavjud 2 773 ta texnikaning 2 310 tasiga GPS onlayn kuzatish uskunalari hamda noqonuniy chiqindi toʻplanish holatlari aniqlangan joylarda 30 ga yaqin kuzatuv kameralari oʻrnatildi.

Qaror bilan 2023-2025-yillar uchun tasdiqlangan manzilli dasturlarga asosan 29 ta qattiq maishiy chiqindi poligonlarini rekultivatsiya qilish, 437 ta chiqindi yigʻish shoxobchalarini qurish, 26 ta qurilish chiqindi poligonlarini tashkil etish, ijtimoiy soha obyektlariga 18 867 ta chiqindi konteynerlari xarid qilish, 38 ta qattiq maishiy chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini tashkil etish, 60 ta tibbiyot chiqindilarini zararsizlantirish uchastkalarini tashkil etish hamda saralash uskunalarini oʻrnatish uchun jami 1,1 trln soʻm mablagʻlarni moliyalashtirilishi rejalashtirilmoqda.

Xususan, 2023-yilda ushbu dasturlarni amalga oshirish uchun jami 170,0 mlrd soʻm, shu jumladan qurilish chiqindi poligonlarini qurish uchun 27,8 mlrd. soʻm va qayta yuklash stansiyalarini tashkil etish uchun 92,2 mlrd. soʻm hamda tibbiyot chiqindilarini zararsizlantirish uchastkalarini qurish uchun 50,0 mlrd soʻm mablagʻlar moliyalashtirilishi belgilandi.

Bundan tashqari, Davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida 2022-yilda 43 ta, jami 62 ta DXSH bitimlari imzolanishi natijasida sohada xususiy sektor ulushi 52 foizga yetkazildi.

Bugungi kunda mazkur davlat-xususiy sheriklik loyihalaring amalga oshirilishi natijasida 6,8 mln tonna qattiq maishiy chiqindilar olib chiqilib, ularning 2,2 mln tonnasi yoki 32,4 foizi qayta ishlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер