2023-2028- yillarda Oʻzbekistonda qurilish bozorini rivojlantirish istiqbollari mavzusida davra suhbati oʻtkazildi
Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar eng avvalo aholi farovonligini taʼminlashga qaratilganligi hech kimga sir emas. Sohadagi strategik maqsadlar ham qurilish industriyasining samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish, aholini uy-joy bilan taʼminlash koʻrsatkichi hamda qurilish hajmini yuksaltirishni nazarda tutadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan Yangi Oʻzbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va maʼrifat mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasidagi “2023-2028- yillarda Oʻzbekistonda qurilish bozorini rivojlantirish” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Unda mamlakatimiz va xorijiy davlatlarning qurilish va kommunal sohasiga daxldor vakillari ishtirok etib, sohani rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Tadbirni Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Sherzod Hidoyatov ochib berdi. Vazirning birinchi oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasida qurilish sohasining rivojlanish surʼatlari, xususan modernizatsiya jarayonlari, raqamlashtirish bosqichlari haqida maʼlumot berdi.

“Oʻzbekiston Respublikasida qurilish tarmogʻini modernizatsiya qilish, jadal va innovatsion rivojlantirishning strategiyasi tasdiqlangan boʻlib, shaharsozlik sohasidagi eskirib qolgan normativ hujjatlarni zamonaviy jahon standartlariga muvofiqlashtirish qatʼiy belgilab olingan. Jumladan, “Uzbekistan building code” modernizatsiyasi orqali bir necha aniq maqsadlar koʻzda tutilmoqda. Yaʼni:
-eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normalarni bugungi kun islohotlari bilan uygʻunlashtirish;
-ularni tizimlashtirish orqali qurilish sohasida byurokratik tartib-taomillarni bartaraf etish;
-normalarni amaliyotda qoʻllash bilan bogʻliq muammolarni tahlil qilish orqali takomillashtirish;
-normalarni qurilishga oid xalqaro normativ-texnik hujjatlarga muvofiqlashtirish shular jumlasidandir.

Mazkur modernizatsiya jarayonlari uchun Koreya qurilish texnologiyalari instituti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan, shuningdek, ushbu ishlarni muvofiqlashtirish uchun 2022 yilda Vazirlik huzurida Qurilishda texnik meʼyorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Bugungi kunda institutda 80 dan ortiq qurilish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash boʻyicha ilmiy xodimlar hamda malakali mutaxassislar faoliyat olib bormoqda”.

Qurilishda texnik meʼyorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori Sherzod Sodiqov soʻz olib, shaharsozlik sohasidagi yangicha tizim, takomiliga yetkazilayotgan normativ- huquqiy hujjatlar, xususan ShNQ va QMQ talablari, ilgʻor xorij tajribasi va texnologiyasi joriy etilgan laborator ilmiy tadqiqot jarayonlari haqida maʼlumot berdi.
Bugungi tezkor zamon, jahon boʻylab globallashuv jarayonlari tobora chuqurlashib borayotgan sharoitda raqamlashtirish ilgʻor davlatlar iqtisodiyotining barcha tarmogʻida keng joriy etilmoqda. Hattoki, ayrim mamlakatlar ushbu sohaning eng yuqori choʻqqisi hisoblangan sunʼiy intellektdan faol foydalanishga oʻtganiga guvoh boʻlyapmiz. Raqamlashtirish har bir sohada insonlarsiz boshqaruv tizimini yoʻlga qoʻyish orqali korrupsiyani kamaytiradi, soliq tushumlarini “aqlli” shartnomalar tuzish orqali koʻpaytiradi, byudjet xarajatlarining ochiqligini oshiradi, yagona elektron platforma orqali xizmatlar koʻrsatish imkoniyatini beradi. Har bir jabhada raqamlashtirish jarayonlarini tashkil etish kelajakda real raqobatbardoshlikni uzoq muddatga saqlab qolish imkoniyatini beradi.

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Sherzod Hidoyatov qurilish sohasini raqamlashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtaldi.
“Oʻzbekiston qurilish sohasini raqamlashtirish boʻyicha dunyoning ildamlab borayotgan mamlakatlari qatorida, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Vazirlik tomonidan aholiga, tadbirkorlik subyektlariga buyurtmachi, loyihachi va pudrat tashkilotlariga, umuman qurilish jarayonlarining barcha ishtirokchilariga maksimal darajada qulaylik yaratish maqsadida qator tashabbuslar ilgari surilmoqda. Bunda barcha xizmat va texnologik jarayonlarni inson omilining aralashuvisiz muvofiqlashtirib borish maqsadida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi ishga tushirildi. Bu esa mazkur sohadagi davlat xizmatlarini toʻliq raqamlashtirish, hujjatlarning elektron shaklda aylanishini taʼminlash, investitsiya dasturidagi qurilish obyektlarining holatini real vaqt rejimida kuzatib borish imkonini bermoqda. Shuningdek, qurilish obyektlarida nazorat jarayonlari elektronlashtirilib, barcha maʼlumotlar avtomatik tarzda shakllantirilyapti,”- dedi vazirning birinchi oʻrinbosari.

“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi direktori oʻrinbosari Shuhrat Hamdamov dasturiy majmuaning asosiy modullari boʻyicha maʼlumot berdi.
“Qurilish sohasidagi davlat xizmatlari axborot tizimi” platformasi orqali bir necha davlat xizmatlari onlayn amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, qurilish hamda tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnoma olish va hokazo.

Qurilish va loyiha tashkilotlarining reytingini aniqlash tizimi. Bugungi kunda, mazkur tizimga respublikada faoliyat yuritayotgan 22 000 dan ortiq qurilish va loyiha tashkilotlari kiritilgan. Mazkur tashkilotlarning reytingi uning moddiy-texnik bazasi, raqobatbardoshligi, kadrlar siyosati, moliyaviy koʻrsatkichlari, soha mutaxassislarining ish tajribasi kabi bir necha muhim faktorlarni inobatga olgan, shuningdek masʼul davlat organlaridan maʼlumotlarni on-layn tartibda avtomatlashtirilgan holda shakllantirilib boriladi.

Qurilish ishlari tender platformasi inson omilisiz amalga oshiriladi. Taʼkidlash lozimki, dunyo miqyosida tender platformasining analogi mavjud emas, yaʼni ushbu tizim faqat Oʻzbekistonda tashkil etilgan. Bunda talabgorning maʼlumotlari avtomatlashtirilgan tarzda Soliq qoʻmitasi, Adliya vazirligi, Majburiy ijro byurosi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat inspeksiyasi va Markaziy bank maʼlumotlar bazasidan olinadi.
Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha axborot tizimi toʻliq raqamlashtirildi, bunda ariza beruvchilar uydan chiqmagan holda murojaat qilishlari, qisqa muddatlarda tegishli ekspertiza xulosalarini olishlari mumkin. Eng muhim jihati, murojaatchi onlayn ravishda arizaning har bir bosqichini monitoring qilishi uchun imkoniyat yaratilgan.

Navbatdagi modul qurilish sohasida koʻrsatiladigan elektron xizmatlarni monitoring qilish va har bir obyekt kesimida bosqichma-bosqich amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzida jam qilgan “Maqsadli dasturlar monitoring” elektron tizimidir. Ushbu tizim orqali “Shaffof qurilish” tizimi qoshidagi boshqa tizimlar hamda tegishli vazirlik va idoralar axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi hisobiga amaldagi muammolarni yechish salohiyatiga ega boʻldi.
Xitoy xalq respublikasiga qarashli “САМСЕ” kompaniyasining mamlakatimizdagi bosh vakili Guo Zi-Jie (Го Цзыцзе) “Qurilishda yashil texnologiyalar, innovatsion kelajak” mavzusida qiziqarli taqdimot oʻtkazdi.

Seminarning ikkinchi qismida vazirlikning Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshligʻi Sharof Radjapov “Xalqaro kompaniya va tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirishning alohida ahamiyati” mavzusida nutq soʻzladi. Unda sohada xalqaro tajribaning ahamiyati, hamkorlikning istiqbollari xususida soʻz bordi.

Shundan soʻng Koreya Respublikasi “DL E&C” kompaniyasi vitse-prezidenti Jang Minsu soʻzga chiqib, “Kelajakni koʻzlagan infratuzilma loyihalari” mavzusida taqdimot oʻtkazdi. Unda kelajak qurilish obyektlarining talablari, oʻzgarishlar, eʼtiborga molik jihatlari haqida maʼlumotlar berildi.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari uchrashuvga yakun yasar ekan, bunday xalqaro tadbirlar qurilish va kommunal sohani taraqqiy ettirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Tadbir qizgʻin tusda, muhokamalar va oʻzaro savol-javoblar tarzida oʻtkazildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring