2007-yilga qadar viloyatdagi birorta ham ichki yoʻlda taʼmirlash ishlari bajarilmagan — Farhodbek Qayumov

16:42 25 Yanvar 2024 Jamiyat
465 0

Andijon viloyati avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

2023-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va joriy yilda bajarilishi zarur boʻlgan vazifalar bilan tanishtirar ekan, boshqarma boshligʻi Mirzohidjon Nurmatovning oʻtgan yili 1629 kilometrdan ziyod yoʻlda taʼmirlash ishlari amalga oshirilganini taʼkidlab oʻtdi.

— Viloyatda avtomobil yoʻllari tarmogʻining umumiy masofasi 13346 kilometrni tashkil etadi, — deydi boshqarma boshligʻi fikrini davom ettirar ekan. — Olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida 155 ta mahalladagi 62,3 ming nafar aholiga qulaylik yaratilibgina qolmasdan, transport vositalarining xavfsiz harakatlanishiga imkoniyat yaratildi.

Anjuman davomida maʼlum boʻlishicha, soʻnggi yillarda viloyatda ichki yoʻllarni taʼmirlashga boʻlgan eʼtibor har doimgidan ortgan.

— 2007-yilga qadar viloyatdagi birorta ham ichki yoʻlda taʼmirlash ishlari bajarilmagan, — deydi bosh muhandis Farhodbek Qayumov. — 2017-yilga qadar bitta mahallada nari borsa 5-6 kilometr yoʻlni taʼmirlay oldik, xolos. Bu boradagi ishlar koʻlami 2023-yilda keskin ortdi. Yaʼni, 1123 kilometr ichki yoʻlni taʼmirlab, foydalanishga topshirdik. Asfalt yoki beton qoplama yetib bormagan koʻchaning oʻzi qolmadi, hisob.

Viloyatda 23 mlrd. soʻm mablagʻ hisobiga 16 ta koʻprik mukammal taʼmirlandi.

Bu kabi jarayonlar joriy yilda ham davom etadi. Jumladan, 1141 kilometrdan iborat avtomobil va ichki yoʻllarda rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari olib boriladi. 6 ta taʼmirtalab koʻprikni talab darajasiga keltirish borasidagi loyiha ishlariga kirishilgan boʻlib, hozirda jarayon davom etmoqda.

Yoʻllarimiz ravonligi yurt obodligi va xalq farovonligini ifodalovchi jihatlardan biri boʻlsa, soha xodimlarining mehnatiga berilgan baho desak, mubolagʻa emas. Shunday ekan, mutaxassislar koʻproq sifatga eʼtibor bergan holda yoʻllardan foydalanish muddatini yanada uzaytirishni oʻz oldilariga maqsad qilib olsalar nur ustiga nur boʻlardi, deya taʼkidlandi matbuot anjumanida.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер