20 yoshdan kichiklarga koʻchaga chiqish taqiqlandi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan 3-aprel kuni millatga murojaat qilib, mamlakatda koronavirus tarqalishi oldini olish uchun yangi karantin choralari kiritilishini eʼlon qildi.
“Yarim tundan boshlab 15 kunga oʻpka kasalliklari keng tarqalgan 30 ta shahar va Zonguldak viloyatiga kirish-chiqish taqiqlanadi. 20 yoshdan kichiklar uchun komendantlik soati kiritiladi. Odamlar toʻplanadigan joylarda, jumladan, supermarketlar, bozorlar va ish joylarida niqob taqish shart.
Karantin talablarini bajarmaganlarning barchasiga maʼmuriy jazo va jinoiy javobgarlik ikkilanmasdan qoʻllaniladi. Men oʻz millatimga ishonaman! Qoidalarni qanchalik yaxshi bajarsak, vaziyatni shuncha koʻp nazorat qilamiz va tahdidga qarshi tura olamiz”, dedi prezident.
Turkiya prezidenti, shuningdek, ijtimoiy masofalashuvga rioya qilishga chaqirgan va koʻchada bir-biriga 3 qadamdan kamroq masofada yaqinlashmaslik kerakligini taʼkidlab oʻtgan.
Eslatib oʻtamiz, Turkiyada koronavirusga chalinish boʻyicha ilk holat 10-martda qayd qilingan. Hozirda kasallanganlar soni 21 mingga yaqinni, vafot etganlar 425 nafarni tashkil qilmoqda. 484 kishi virus chaqiradigan kasallikdan sogʻaygan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring