14 nafar talaba Qashqadaryo viloyati hokimi stipendiyasiga sazovor boʻldi
Foto: “Xalq soʻzi”
Joriy yilning iyul oyida Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov tashabbusi bilan viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarining iqtidorli talabalari uchun “Viloyat hokimi stipendiyasi” joriy etilgan edi.
Shunga muvofiq oʻtkazilgan tanlovga 442 nafar talaba ariza topshirdi. Nomzodlar tegishli Nizom talablari asosida oʻtkazilgan ikki bosqichli sinovlarda saralanib, eng yuqori ball toʻplagan 14 nafar talaba “Viloyat hokimi stipendiyasi”ning ilk sohiblariga aylanishdi. Ular ichida Qarshi davlat universitetining fizika fakulteti 4-bosqich talabasi Shohjahon Ibrohimov ham bor.
— Fizika sohasiga yoshlikdan qiziqaman, — deydi u. — Hozirgi kunda oʻqish bilan birga, viloyat va respublika miqyosida oʻtkazilgan qator startap, innovatsion loyihalar boʻyicha tanlovlarda oʻz ilmiy ishlarim bilan ishtirok etib, gʻolib va sovrindorlar qatoridan joy egalladim. Xususan, 2021-yilda “Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” loyihasining, 2022-yilda esa “Mirzo Ulugʻbek vorislari” tanlovining respublika bosqichida gʻolib boʻldim. Joriy yilda “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandim. Viloyat hokimining stipendiyasiga sazovor boʻlishim esa menga yanada koʻproq izlanish va sohada yuksak yutuqlarni qoʻlga kiritishim uchun qoʻshimcha shijoat bagʻishlamoqda.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring