1286 nafar mansabdorlarning korrupsion faoliyati bilan bogʻliq sud jarayonlari boshlandi — Akmal Burxonov
18-dekabr kuni “Tashkent city"dagi Congress Hall majmuasida «Toshkent yoshlar forumi — 2020” birinchi kunida «Huquqiy Toshkent – 2030” mavzusida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.
Unda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov huquqiy sohadagi islohotlar, fuqarolarning huquq va erkinliklari haqida maʼlumot berishdi.
Tadbirda qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha choralar koʻrish, shuningdek, davlat xizmatlarini koʻrsatishni elektron tizimga oʻtkazish jarayoning tezlashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonovning qayd etishicha, 1286 nafar mansabdor shaxslar ustidan korrupsion holatlar bilan bogʻliq sud jarayonlari boshlangan.
«Oʻzbekistonda taʼlimga katta eʼtibor berilyapti deb oʻylayman. Agar oʻtgan yillardagi koʻrsatkichlar bilan solishtiradigan boʻlsak, bu borada katta oʻsish boʻlganini koʻrishimiz mumkin.
Jamoatchilik nazoratining yoʻqligi, zarur boshqaruv mexanizmlari va fuqarolarda huquqiy bilimlarning yetishmasligi korrupsiyaning asosiy sababi hisoblanadi», dedi A. Burxonov.
Shuningdek, uning qayd etishicha, 15 mingdan ortiq yoshlar orasida oʻtkazilgan soʻrovnomada ularning 34 foizi pora berish korrupsiya deb hisoblamasligini bildirishgan, 18 foiz yoshlar esa korrupsiyaning asosiy sababi sifatida ish haqining kamligini koʻrsatishgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring