100 yoshli onaxon “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi
Odilbek Odamboyev/“Xalq soʻzi”. Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida bir asrlik tarixning jonli guvohi boʻlgan Sara ona Tajibayeva umrguzaronlik qiladi. Bolalik va yoshlik yillari urushning ogʻir sinovlari, ocharchilik hamda qatagʻon davriga toʻgʻri kelgan onaxon yurtimizdagi toʻkin-sochinlik qadriga yetish haqida toʻlqinlanib soʻzlaydi. Bugungi tinch va osuda hayotimizga shukrona aytadi. Ushbu xonadondan tabarruk yoshdagi momoning duosini olish uchun yoʻqlab keluvchilarning qadami uzilmaydi.
Vatanimiz mustaqilligining 33 yillik bayrami onaxon uchun qoʻshaloq shodiyonaga aylandi. Prezidentimizning Farmoniga asosan mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini taʼminlash yoʻlidagi koʻp yillik fidokorona mehnati, yosh avlodni vatanparvarlik va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashdagi munosib xizmatlari uchun Sara ona Tajibayeva “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Bayram arafasida viloyat hokimi onaxonning xonadonida boʻlib, unga davlatimiz rahbari nomidan yuksak mukofotni topshirdi.
— Prezidentimizning bunday eʼtiboridan boshim koʻkka yetdi, — deydi Sara ona. — Bugun yurtimizdagi ulkan oʻzgarishlarni, biz keksalar uchun yaratilayotgan sharoitlarni koʻrib shu kunlarga yetkazganiga shukrona aytaman. El-yurt ardogʻida yashayotganimdan, shunday saodatli kunlarni koʻrish nasib etganidan baxtiyorman. Ilohim yurtimizga koʻz tegmasin, xalqimiz omon boʻlsin!
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring