1 milliard soʻmlik tabiiy gaz va elektr energiyasining pulini toʻlamay ishlatganlar aniqlandi
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoʻshkoʻpir, Uchkoʻprik, Buloqboshi, Shofirkon va Romitan tuman boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda bir qator shaxslar tadbirkorlik subyektlarini noqonuniy tarzda tabiiy gaz va elektr energiyasi tarmoqlariga ulab, umumiy qiymati 1 milliarddan ortiq davlat va jamiyat manfaatlariga zarar keltirgani aniqlandi. Bu haqda Departamentning matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, Qoʻshkoʻpir tumanida joylashgan “B.S.” fermer xoʻjaligi rahbari va boshqalar oʻzaro til biriktirib, tijorat maqsadida “MTZ-80” motorli suv nasosi uskunasini tabiiy gaz tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri ulab, 417 million soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Departamentning Uchkoʻprik tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvda esa “Sh.O." MCHJ rahbari O.Yu. MCHJ ishlab chiqarish sexidagi uskunalarni umumiy foydalanishdagi gaz tarmogʻiga yashirincha ulab, 286,2 million soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy oʻzlashtirgani maʼlum boʻlgan.Yana bir holat Andijon viloyati Buloqboshi tumanida aniqlandi. Qayd etilishicha, “N.F-M.” MCHJ energetigi A.Z. va boshqalar MCHJning ishlab chiqarish uskunalarini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri ulab, 230 million soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari fosh qilingan.
Bundan tashqari, Shofirkon va Romitan tumanlarida joylashgan “I.F.” fermer xoʻjaligi hamda “Ch.K.” MCHJ masʼul shaxslari elektr suv nasoslarini umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga tijorat maqsadida toʻgʻridan-toʻgʻri ulab, jami 122,6 million soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
“Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda”, deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring