1-apreldan ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmati loyihasi ishga tushiriladi
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari maʼlumotiga koʻra, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslar va tayanch harakatida muammolari boʻlgan bolalar uchun ijtimoiy soha obyektlari, taʼlim muassasalariga borib kelishlariga qulayliklar yaratish maqsadida ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmati loyihasi ishga tushiriladi.
Bu boʻyicha Vazirlar Mahkamasining “Transport xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali koʻrish va harakatlanish bilan bogʻliq kasalliklarga chalingan alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun taʼlim olish sharoitlarini yaxshilash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan ushbu xizmatni 2025-yil 1-apreldan Toshkent, Andijon va Samarqand shaharlarida pilot loyiha sifatida, 2025-yilning yakuniga qadar esa respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish belgilandi.
Loyiha doirasida transport xizmatlari:
— ixtisoslashtirilgan maktab, maktab-internatlari, jumladan, ushbu muassasalardagi “Gʻamxoʻrlik” guruhlarida,
— umumtaʼlim maktablarining inklyuziv sinflarida;
— reabilitatsiya markaziga ega davlat koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim oluvchi koʻrish va harakatlanish bilan bogʻliq kasalliklarga chalingan bolalarga koʻrsatiladi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolar 12 foiz keshbekka ega boʻladi
Davlatimiz tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtojlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, ushbu toifadagi insonlarga “Soliq” mobil ilovasi orqali ijtimoiy keshbek olish huquqi berilgan.
“2023-yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga muvofiq “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslarga chakana savdo obyektlaridan qoʻy goʻshti, parranda goʻshti, mol goʻshti, tuxum, oʻsimlik yogʻi, un, shakar, dori vositalari sotib olganda va tibbiy xizmatlar uchun xarid summasidan 1 foiz miqdordagi keshbek oʻrniga 12 foiz qoʻshilgan qiymat soligʻi (QQS) qaytariladi.
QQSni qaytarib olish uchun “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi isteʼmolchi “Soliq” mobil ilovasini yuklab olib, FACE ID orqali roʻyxatdan oʻtishi hamda ilovada xarid chekining QR-kodini skaner qilishi lozim.
Mazkur jarayonda sotib olingan tovar qoʻshilgan qiymat soligʻi qaytariladigan mahsulotlar roʻyxatiga kirganligi, xaridor “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da ekanligi hamda tadbirkor QQS toʻlovchi sifatida roʻyxatdan oʻtganligi inobatga olinadi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi fuqarolarga oyiga 3,7 mln. soʻm (BHMning 10 baravari) miqdoridagi xaridlar doirasida qaytariladi.
QQS summasini chek roʻyxatdan oʻtkazilgan oydan keyin oyning 25-sanasidan soʻng “Soliq” mobil ilovasi orqali qaytarib olish mumkin.
Ijtimoiy xodim — fuqarolarga koʻmakchi
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari maʼlumotiga koʻra, ijtimoiy xodim — bu nafaqat kasb, balki insonparvarlik tamoyillariga sodiqlik, jamiyatning zaif qatlamlariga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatishning amaldagi ifodasidir.
Ijtimoiy xodimlar oʻz faoliyatini inson huquqlari, ijtimoiy adolat va tenglikni taʼminlashga yoʻnaltirgan holda, murakkab hayotiy vaziyatlarga tushib qolgan shaxslar va oilalarga har tomonlama yordam koʻrsatadilar.
Jumladan, fargʻonalik Komilaxon aya Xayitboyevaning salomatligida ayrim muammolar kuzatilayotgan edi. Bundan xabar topgan oʻgʻli mahalladagi ijtimoiy xodim koʻmagida sanatoriyga yoʻllanma uchun elektron tarzda ariza qoldirdi. Vaqt oʻtib, Komilaxon ayaning navbati yaqinlashdi — 10-mart sanasida “Oltiariq” sanatoriysiga joʻnab ketadi.
“IHMA Sanatoriy” tizimi orqali 2024-yilda Fargʻona viloyatida 4 ming 665 nafar fuqaro sanatoriylarga yuborilgan boʻlsa, joriy yil boshidan buyon bu raqam 781 nafarni tashkil etmoqda.
Yangi tizim navbatlarning qisqarishiga olib keldi. Buning natijasida nogironligi boʻlgan shaxslar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va yolgʻiz keksalarga oʻz salomatliklarini tiklash uchun sanatoriylarga borish imkoni yaratildi.
Mahliyo RAHMATOVA,
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring