Zora bu yil bozorlarimizda kartoshka narxi arzonlashsa!

18:16 09 Iyun 2020 Iqtisodiyot
1158 0

Mahalliy va serhosil kartoshka navini Toshkent viloyati dehqonlari anchadan buyon orzu qilishmoqda. Ayniqsa, Boʻstonliq, Parkent, Piskent, Bekobod, Qibray, Zangiota, Toshkent va Yangiyoʻl tumanlaridagi yillar davomida kartoshkachilik orqasidan halol mehnat nonini yegan kishilar uchun yaxshi nav deyarli anqoning urugʻiga aylandi. Shu bois hozir bozorlardan bir paytlar mashhur boʻlgan Parkent, Hasanboy va Chalaqozoq kartoshkalarini kunduzi chiroq yoqib ham topolmaysiz.

Oʻrta Chirchiq tumanidagi Xalq qabulxonasi binosida “Takroriy maydonlarda kartoshka yetishtirish texnologiyasi” mavzusiga bagʻishlangan ilmiy-amaliy seminar ana shu boradagi muammolar yechimiga bagʻishlandi. Unda, viloyatdagi bu ishga daxldor barcha tashkilot va muassasalar, tijorat banklari vakillari ishtirok etishdi.

Koʻrib chiqilgan masala nihoyatda dolzarb va jiddiy. Sababi, mutasaddilar har bir yigʻinda hududning iqtisodiy va agrar salohiyati yuksakligidan faxrlanishadi. Amalda esa, oddiy kartoshka ham yillar davomida bozorlarimizga chetdan import qilinmoqda. Qani mantiq? Qani jonbozlik?

Masalaning yana bir nozik jihati shundaki, Toshkent viloyat hokimligi Axborot xizmatining maʼlumotlariga qaraganda, joriy yilda tumanlarda jami 18 ming gektar maydonga kartoshka ekish rejalashtirilgan. Uning 6 ming gektari asosiy maydonlar, 12 ming gektar esa takroriy maydonlar hisobiga toʻgʻri kelmoqda. Demak, asosiy ish endi, gʻalla hosili oʻrib-yanchib olingach boshlanadi. Shunga koʻra, joylarda bu tadbirga barcha kuch va imkoniyatlar yoʻnaltirilmoqda. Negaki, hammaning labzida kech kuz gʻalvir suvdan koʻtarilganda kartoshka yetishtirishga ajratilgan maydonlardan 533,3 ming tonna, shundan takroriy maydonlardan 244 ming tonna ikkinchi non hosili olinish majburiyati turibdi. Mutaxassislar tahliliga koʻra bu koʻrsatgich oʻtgan yildagiga nisbatan 59 foiz koʻpdir.

Xoʻsh, endi asosiy masala, urugʻlik muammosi nima boʻladi?

Bu borada ham hisob-kitoblar aniq. Talab etiladigan jami 36,7 ming tonna urugʻlikning 29 ming tonnasi viloyatning oʻz ichki imkoniyatlari hisobiga qoplanishi koʻzda tutilgan. Qolgan 7,7 ming tonna urugʻlik esa import ishi bilan shugʻullanuvchilar tomonidan Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston va Gollandiya davlatlaridan olib kelinadi. Albatta ular tekinga berishmaydi. Jami 192 mlrd soʻm talab etilmoqda. Uning 40 mlrd soʻmi bank krediti hisobidan toʻlanadigan boʻldi.

Endi hamma gap dehqonning gʻayrati, hokimlarning masʼuliyati, tarqatilgan urugʻlik kartoshkaning sifati va hosildorligida qoldi. Ayting-ayting, ishqilib bu yil bozorlarimizda kartoshka narxi arzonlashsin!

Shodiyor MUTAHAROV,
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер