Zomin qozon patiri patentlandi
Adliya vazirligi tomonidan Zomin qozon patiri geografik koʻrsatkich sifatida roʻyxatdan oʻtkazildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, endi “Zomin qozon patiri” Oʻzbekiston davlat reyestrida 20-geografik koʻrsatkich sifatida roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, uning nomi, sifati va kelib chiqish manbai qonuniy himoyaga ega boʻladi.
“Bu hududiy brendni rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash va isteʼmolchilarga sifatli, original mahsulotni taqdim etishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Taʼkidlash kerakki, Zomin qozon patiri – Jizzax viloyatining Zomin tumanida qadimdan tayyorlanadigan non mahsuloti boʻlib, alohida qorilgan xamir, mahalliy sut va sariyogʻ bilan qozonda pishiriladi. U oʻzining noyob taʼmi va sifat xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Geografik koʻrsatkich – bu mahsulotning maʼlum hududga xosligini va sifatini huquqiy jihatdan himoya qiluvchi belgidir. U mahsulotning kelib chiqish joyini, anʼanaviy retseptini va oʻziga xos xususiyatlarini davlat darajasida kafolatlaydi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq “Samarqand noʻxat shoʻragi” geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgani haqida xabar berilgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring