Zoyir Mirzayev vaʼda qilganidek, Hayit bayrami kuni Mehribonlik uyida “shashlik” bazmi tashkil etildi
Iyd-Ramazon hayiti bayramidan bir kun oldin Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Qamashi tumanidagi 4-mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashib, suhbat paytida bolajonlardan bayram dasturxonida qaysi taom boʻlishini istashini soʻragandi. Shunda bolajonlar «siz qaysi taomni hush koʻrsangiz oʻsha taom dasturxonimizda qoʻyilishini xohlaymiz» deyishgandi. Shunda hokim “boʻlmasa, ertaga «shashlik” bazmi uyushtiramiz deb bolalarga vaʼda bergandi.

Hayit bayrami kuni Z. Mirzayev vaʼda qilganidek, Mehribonlik uyida “shashlik” bazmi tadbiri uyushtirildi. Taniqli sanʼatkorlar –Alijon Isoqov, Umrzoq Quvvatov ijrosida dilrabo kuy-qoʻshiqlar ijro etildi, qoʻshiqlar raqslarga ulanib ketdi. Bolajonlarni viloyat va tuman hokimligi hamda viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi mutasaddilari, jamoat tashkilotlari rahbarlari bayram bilan qutlashdi, homiylar tomonidan sovgʻa-salomlar hadya qilindi.
— Bu tadbir bolajonlar istagi asosida tashkil etilib, dasturxonga faqat 3-4 xildagi “shashlik” tortildi, — deydi Mehribonlik uyi direktori Gulbahor Hamidova. — Toʻkin dasturxon atrofida oʻtirgan 131 nafar tarbiyalanuvchilarimiz koʻzida quvonch koʻrdik. Bu quvonch yurtimizda ularga mehr koʻrsatilayotgani, bagʻrikenglik bilan qurshab olinayotgani tufayli desak xato boʻlmaydi. Viloyatimiz hokimi tashabbusi bilan shu kuni bolajonlarga qoʻgʻirchoq teatri tomoshalari koʻrsatildi, ot sportiga qiziquvchi yoshlar Yakkabogʻ tumanidagi qorabayir zotli otlar parvarishlayotgan majmuaga sayohatga olib borildi. Eng quvonarlisi, Mehribonlik uyi qayta taʼmirlanadigan boʻldi, yangi sport maydonchalari hamda qoʻshimcha binolar barpo etilishi rejalashtirildi.
Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring