JSST vakili: “Oʻzbekistonda davlat tibbiy sugʻurtasini joriy etish uchun ilgʻor model tanlangan”
Hozirgi kunda Sirdaryo viloyatida sinov tariqasida joriy etilayotgan davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi dastlabki natijalarini bermoqda.
Hususan, loyiha doirasida hududda profilaktik koʻriklar oʻrniga, viloyatning oʻziga xosligidan kelib chiqib maqsadli skrining tekshiruvlari olib borilyapti.
Mutaxassislarning izoh berishicha, profilaktika ishlari yaxshi yoʻlga qoʻyilsa, kasalliklar keskin kamayadi va unga sarflanadigan mablagʻ ham tejaladi. Qolaversa, kasalliklarni erta aniqlash orqali aholining salomatlik darajasi, oʻrtacha umr koʻrish davomiyligini oshirishga erishiladi.
Xoʻsh, mazkur jarayonni yaqindan kuzatib borayotgan xorijiy ekspert, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻzbekiston boʻyicha maslahatchisi Kristofer Fispatrik Sirdaryo tajribasini qanday baholaydi?
— Oʻzbekiston aholi salomatligini saqlashning sifatli modelini joriy etmoqda, — deydi JSST vakili. — Bu rivojlangan davlatlarda sinovdan muvaffaqiyatli oʻtgan ilgʻor tajribadir.
Biz jarayonlarni bevosita kuzatib boryapmiz va ekspert sifatida aytishim mumkinki, kasallikka chalingan insonning uyiga bepul dori-darmon yetkazib berish unga imkon qadar tezroq yordam koʻrsatilishiga xizmat qiladi.
Har bir sogʻliqni saqlash tizimining oʻziga xos jihatlari bor. Kasalliklarni davolashdan koʻra oldini olgan yaxshi, shu bilan birga, kasalliklarni erta aniqlash ham davolashda katta samara beradi.
Oʻzbekistonda ilk bor davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini tajriba-sinov tariqasida hayotga tatbiq etish, bemorlarga qulaylik yaratish maqsadida shifoxonalarni birlashtirish, ularning negizida tibbiyot klasterini tashkil etish, u yerda ilm-fan va amaliyotni uygʻunlashtirish ishlari bajarilmoqda.
Sohada murakkab va yuqori texnologik amaliyotlar yoʻlga qoʻyilyapti. Bu borada ham xalqaro tajribadan kelib chiqib tavsiya va maslahatlar berish, ushbu murakkab jarayonlarning amaliyotga tezroq tatbiq etilishiga koʻmaklashishga doim tayyormiz.
Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari doirasida surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga koʻproq eʼtibor berila boshlagani ham ibratli jihat. Vaholanki, ilgari ular roʻyxatga olinib, davolanish buyurilgan va kuzatuvga olingan.
Afsuski, hamma ham dori-darmonni oʻz vaqtida xarid qilib, muolajalarni belgilangan muddatlarda boshlay olmaydi. Oqibatda bemorlarda asoratlar paydo boʻladi. Davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi asosida bemorlarga dorilarning bir qismi bepul berilmoqda. Dorixona esa poliklinikaning oʻzida joylashgan…
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring