JSST: Teletibbiyot orqali yanada koʻproq bemorlar hayotini saqlab qolish mumkin
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti teletibbiyot yoʻnalishiga doir yangi tavsiyalarni ishlab chiqdi. Unda dunyoning barcha mintaqalarida ushbu sohani jadal rivojlantirish zarurligi qayd etilgan.
Aslida, masofaviy tibbiy xizmat koʻrsatish amaliyoti sogʻliqni saqlash tizimi uchun yangilik emas. Biroq Yer sharining narigi burchagidan turib boshqa olis mamlakatdagi bemorni noyob operatsiya orqali davolashdek innovatsion imkoniyatga bundan keyin ham ehtiyoj juda katta.
Shu bois JSST teletibbiyotdan yanada koʻproq foydalanish tarafdori. Buning uchun hukumatlar oʻz yurtida mazkur sohani keng joriy etish choralarini koʻrishlari kerak.
Tashkilotning Yevropa mintaqaviy byurosi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, telemeditsina kasalliklar diagnostikasi va muolajasi, qolaversa, qator surunkali xastaliklardan aziyat chekayotgan bemorlarga uzoq muddatli tibbiy xizmat koʻrsatishda muhim rol oʻynaydi.
Oʻrganishlar davomida Yevropa va Markaziy Osiyoda joylashgan 53 davlatda yashovchi 20 mingdan ortiq bemorlarning maʼlumotlari tahlil qilindi.
“Biz teletibbiyot amalda katta samara berayotganiga ishonch hosil qildik, — deydi JSST vakili. — Klinik natijalar va tibbiy yordam sifati yaxshilanganiga guvoh boʻldik. Bundan bemorlar ham, shifokorlar ham birdek manfaatdor”.
Biroq soha rivoji yoʻlida jiddiy toʻsiqlar mavjud. Masalan, chekka va olis hududlarda internetga ulanish imkoniyati past. Qolaversa, baʼzi bemorlarning teletibbiyotga nisbatan munosabati salbiy.
Yangi tavsiyalar ana shunday muammolarni bartaraf etish orqali aholi salomatligini ishonchli taʼminlashni koʻzda tutadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring