JSST parranda grippi xavfidan ogohlantirmoqda
Foto: BMT
Maʼlumki, kunlar soviy boshlashi bilan qushlarning migratsiya jarayoni boshlanadi. Ayni qushlarning boshqa joylarga koʻchishi paytida parranda grippi tarqalish ehtimoli oshadi.
Bu haqda Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa byurosi tomonidan maʼlum qilindi.
“Parranda grippi virusining ayrim turlari odamlar hayoti uchun xavfli boʻlishi mumkin, shuning uchun kasal va oʻlik qushlarga ehtiyotkor munosabatda boʻlish kerak”, deyiladi byuro xabarida.
Maʼlum qilinishicha, 2018 yilning 1 iyunidan 2018 yil 1 oktyabrgacha Jahon sogʻlom hayvonlarni himoya qilish tashkiloti mutaxassislari Rossiyada uy hayvonlari orasida parranda grippi (A(H5N2) bilan bogʻliq 81 ta holatni qayd etishgan. Rossiya Federatsiyasining veterinariya va fitosanitariya nazorati boʻyicha federal xizmatlardan biri esa mazkur holatda hatto ushbu grippning eng xavfli formasi — A(H5N8) ham qayd etilganini tasdiqlagan.
2016-2017 yillarda ayni shu virus bilan Yevropada koʻplab uy parrandalari va yovvoyi qushlarning zararlangani tufayli millionlab parrandalar yoʻq qilingan edi.
Ushbu holat takrorlanmasligi uchun jamoatchilik, sogʻliqni saqlash organlari, veterinariya xizmatlari va atrof-muhit tashkilotlari oʻrtasida yaqin hamkorlik zarur.
Shundan kelib chiqib JSST nafaqat oʻlik, hatto tirik qushlarga ochiq qoʻl bilan tegmaslikka, hamda “Oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilashning beshta asosiy tamoyili”ga rioya qilishga chaqirmoqda.
Manbaga koʻra, hozir parranda grippini insonlarga yuqqani haqida hech bir holat qayd etilmagan. Ammo xotirjamlikka berilish uchun sabab ham boʻlmaydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring