JSST «omikron»ning bir necha oy ichida butun dunyo boʻylab tarqalishidan xavotirda

19:12 28 Dekabr 2021 Jamiyat
1190 0

Koronavirusning «omikron» shtammi aniqlanganidan buyon bir oydan ziyod vaqt oʻtdi. Bu orada mazkur yuqumli mutatsiya haqida olimlar qator xulosalarini ham aytishdi.

Shulardan navbatdagisi Janubiy Afrika Respublikasi tadqiqotchilariga tegishli. Olib borilgan izlanishlar yakunida qiziq bir fakt aniqlandi. Yaʼni yangi shtamm bilan kasallangan organizm “delta” variantini zararsizlantiruvchi antitanachalar ishlab chiqaradi.

Tajriba uchun 30 ga yaqin odam jalb qilindi. Ularning bir qismi koronavirusga qarshi emlanganlar boʻlsa, qolgani vaksina olmagan qatlam orasidan tanlandi. Hali tadqiqot xulosalari xalqaro doirada tasdiqlangani yoʻq. Shunga qaramay, «omikron»ning qisqa muddatda dominant variantga aylanayotgani bu xulosalar asossiz emasligini ifodalaydi.

London Qirollik kolleji professori Tim Spektor esa yangi shtamm belgilari emlangan va emlanmaganlarda oʻzaro farqli alomatlar bilan namoyon boʻlishini aniqladi.

Uning aytishicha, «omikron»ni yuqtirgan emlangan bemorlarda koʻngil aynishi va ishtaha yoʻqolishi, baʼzan qayt qilish holatlari kuzatilgan. Ammo tana harorati koʻtarilmagan. Shuningdek, ular bosh va tomoq ogʻrigʻidan shikoyat qilishgan.

Biroq xavotirli jihati, bu virus turining dunyo boʻylab tarqalish surʼati ham, yuqish koʻrsatkichlari ham pasaygani yoʻq. Masalan, soʻnggi kunlarda Buyuk Britaniyada «omikron» bilan kasallanganlar soni 110 mingdan oshdi. Mamlakatda qayd etilayotgan yangi holatlarning 90 foizini shu shtamm tashkil etyapti.

Shuningdek, Norvegiya poytaxti Osloda yangi mutatsiya dominant variantga aylangan boʻlsa, Avstraliyada «omikron»dan birinchi oʻlim qayd etildi. Belgiya hukumati esa pandemiyaning navbatdagi toʻlqini tufayli yangi cheklovlarni joriy etishga majbur boʻldi.

Unga koʻra, kinoteatr, teatr va konsert zallari yopilmoqda, bayram bozorlari muddatidan oldin yopilyapti, endi bolalar ham jamoat joylarida niqob taqib yurishlari shart. Qator kompaniyalar masofaviy ish rejimiga oʻtyapti.

Qolaversa, Yangi yil bayrami arafasida «omikron» tarqalishi sababli dunyo boʻyicha toʻrt mingga yaqin aviareyslar bekor qilindi. Shundan mingdan ziyodi AQSH hissasiga toʻgʻri keladi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining prognoziga koʻra, yangi shtamm bir necha oy ichida butun dunyo boʻylab tarqaladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер