JSST koronavirus paydo boʻlishi haqida yangi versiyani ilgari surmoqda
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) koronavirus paydo boʻlishi haqida yangi versiyani ilgari surmoqda. Unga koʻra, virusning tarqalish oʻchogʻi Xitoyning Uxan shahridagi dengiz mahsulotlari bozori boʻlmasligi mumkin.
Bu haqda Uxan shahrida surishtiruv olib borgan JSTTning uch nafar mutaxassisi maʼlum qildi, deb yozmoqda “The Wall Street Journal” nashri.
Xalqaro ekspertlar guruhi safar davomida “birinchi bemor” bilan uchrashgan va virus tarqalishi toʻgʻrisida ayrim maʼlumotlarni bilib olgan. Maʼlum boʻlishicha, Uxan shahrida yashovchi Chen 2019-yil 8-dekabr kuni koronavirus bilan zararlangan. Mutaxassislar unga tegishli maʼlumotlar bilan tanishib, shaharda virus bozorda kasallik aniqlanganidan oldin tarqalib boʻlgan, degan xulosaga kelishgan.
Gap shundaki, bemor oʻzi ham, uning yaqinlari ham virus manbai deb aytilayotgan dengiz mahsulotlari bozoriga umuman bormagan. Biroq, uning ota-onasi boshqa bozordan xaridlarni amalga oshirib kelgan. Mutaxassislar u qaysi bozor ekanligini aniqlay olishmagan.
Koronavirusning yangi turiga sabab boʻlgan “Covid-19” pnevmoniyasining avj olishi ilk bor 2019-yilning dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida qayd etildi.
Dastlab, yuqtirish manbai Uxandagi dengiz mahsulotlari bozori ekanligi aytildi. JSST ishonchli axborotlarga ega boʻlmaganligi sababli ushbu bozor haqiqatan ham koronavirusning tarqalish manbai ekanligini tasdiqlamagan. Bundan tashqari, infeksiya Uxan virusologiya instituti laboratoriyasidan yoyila boshlagan, degan xabarlar paydo boʻlgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring