JSST katta yoshli insonlarga tuz, shakar va transyogʻlar isteʼmolini cheklash boʻyicha tavsiya berdi
Dunyoda demokrafik oʻzgarishlar jarayoni ancha jadallashgan. Masalan, Yevropa qitʼasida kelgusi yili 65 yoshdan oshgan fuqarolar soni 15 yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻsmirlar sonidan oshishi prognoz qilinyapti.
Oʻz navbatida, pensionerlar safi chorak barobar koʻpayishi kutilmoqda. “Koʻhna qitʼa” aholisining bunday “tez qarishi” keksa avlod vakillari salomatligi bilan bogʻliq yangi tavsiyalar ishlab chiqilishi uchun asos boʻlyapti.
Xususan, JSST tomonidan eʼlon qilingan yangi hisobot shu mavzuga taalluqli boʻldi.
Unda keltirilishicha, keksalikni sogʻlom va zavqli oʻtkazish uchun, avvalo, osh tuz isteʼmolini kamaytirish hamda transyogʻlar va shakar tanavvulini cheklash kerak.
Chunki dunyo boʻyicha katta yoshli aholining har 3 nafardan biri gipertoniyadan aziyat chekmoqda. Bu esa yurak-qon tomir va asab tizimi, buyrak kasalliklari, oshqozon saratoni, semizlik, osteoporozdan aziyat chekuvchi bemorlar soni koʻpayishiga olib kelyapti.
Qolaversa, 65 yoshdan oshgan odamlar haftasiga kamida ikki yarim soat oʻrtacha intensivlikdagi jismoniy mashgʻulotlar bilan shugʻullanishlari kerak.
Negaki, kamharakatlik oqibatida dunyo boʻyicha yiliga 5 million kishi hayotdan koʻz yummoqda. Eng yomoni, kelgusida bu koʻrsatkichlar yanada ortishi mumkin.
Vaholanki, olimlar kuniga 11 daqiqa piyoda yurish erta oʻlim xavfini 10 foizga kamaytirishini tadqiq etgan.
Haftada kamida ikki kun mushaklarni chiniqtiruvchi mashgʻulotlarni bajarish ham organizmning kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyatini kuchaytiradi.
Surunkali xastaliklardan aziyat chekayotganlar ham imkon qadar jismoniy faollik asosida hayot kechirishlari foydali.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring