JSST: “Chekish taʼsiri ostida 25 dan ortiq kasalliklarning organizmda rivojlanishi kuchayadi”
Tamaki mahsulotlari, jumladan, sigaretaning inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazishi barchamizga maʼlum. Chekish tufayli insonning oʻzi va atrofdagilari sogʻligʻi qanday ziyon koʻrishini yana bir bor eslatib oʻtish foydadan xoli boʻlmaydi, albatta.
— Nikotin organizmdagi metabolik jarayonga xalaqit beruvchi, miya faoliyati va fiziologik funksiyalariga taʼsir qiluvchi alkogol va boshqa psixoaktiv moddalar kabi odamni oʻziga oʻrgatib qoʻyadi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbari Mirzagʻolib Tillashayxov. — Shu tarzda tamakiga jismoniy bogʻliqlik shakllanadi. Doimiy nikotin oqimiga oʻrganib qolgan odam tamakidan foydalanishni toʻxtatsa, tashvish va xavotirga tushib qoladi.
Bora-bora chekishga boʻlgan ehtiyoj ovqatlanishga boʻlgan ehtiyoj bilan tenglashib qoladi.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumoticha, chekish taʼsiri ostida 25 dan ortiq kasallik (yurak-qon tomir, oʻpka va saraton)larning organizmda rivojlanishi kuchayadi.
Tibbiy tadqiqotlar boʻyicha Britaniya Kengashi olimlarining koʻp yillik izlanishlari xulosalarida oʻpka saratoni va miokard infarktining chekish bilan bogʻliqligi haqida jiddiy ilmiy dalillar keltirilgan.
Yurak-ishemik kasalligi va insultdan oʻlim holatlarining 70 foizi chekuvchi va spirtli ichimliklar ichuvchi odamlar hissasiga toʻgʻri keladi.
Statistik maʼlumotlar har bir chekuvchi odam oʻz hayotini 18 yilga qisqartirishini koʻrsatadi.
JSST maʼlumotlariga koʻra, tamaki mahsulotining inson organizmiga zararli taʼsiridan har yili sayyoramizning 6 millionga yaqin aholisi vafot etadi. Ularning 12 foizi chekuvchi boʻlmaganlar(passiv chekuvchilar)dir.
Achinarlisi shuki, bolalar passiv chekuvchilar boʻlib qolmoqda. Yaʼni, ular atrofidagi odamlarning chekishi oqibatida tamaki tutuni aralash havo bilan nafas olishadi.
Ilmiy tadqiqotlarda hatto passiv chekish ham odamda kasallikka chalinish, nogironlikka yoʻliqish va oʻlim xavfini oshirishi isbotlangan.
Garchi koronavirus infeksiyasi xavfi sezilarli darajada chekingan boʻlsa-da, chekuvchilar bu zararli odatdan voz kechish haqida jiddiyroq oʻylashi lozim. Chunki chekish ogʻiz orqali COVID-19ni yuqtirish xavfini oshiradi.
Bundan tashqari, zararli odat tufayli oʻpkasi zararlangan chekuvchilarda koronavirus keltirib chiqargan pnevmoniya qiyinroq kechadi.
AQSH olimlarining fikriga koʻra, chekuvchilar orasida koronavirus bilan bogʻliq ogʻir holatlar chekmaganlarga qaraganda koʻproq uchramoqda. Shuningdek, tamaki tutuni kasallikka qarshi immunitetning birlamchi kurashuvchan javobiga sabab boʻluvchi interferonlarni bloklaydi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi har qanday tamaki mahsulotlarini, shu jumladan, filtrli yoki yengil sigaretalarni chekish sogʻliq uchun xavfli ekanligi haqida ogohlantirib, bu zararli odatdan yiroq boʻlishga chaqiradi.
Dunyoda tamakidan voz kechishning yuzdan ortiq usullari mavjud. Psixologlar fikriga koʻra, chekishni tashlash jarayonida eng qiyini dastlabki uch kunni boshdan kechirishdir.
Chekishdan voz kechish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan boʻlsangiz, ijobiy jihatlar haqida oʻylang. Asosiy va eng katta yutuq — sizning sogʻligʻingiz va farovonligingizdir.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring