Joriy yil 15-yanvar kuniga qadar yuz bergan yongʻinlar soni oʻtgan yilga nisbatan ikki barobar oshgan
Foto: Arxiv surat
Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Mavlonbek Doschanov maʼlum qildi.
Respublikamizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlar roʻy berganda aholi va hududlarni muhofaza qilishni taʼminlash maqsadida tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan tunu kun profilaktik-ogohlantiruv tadbirlari amalga oshirilayotganligiga qaramasdan, yongʻinlar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning sodir boʻlayotganligi kuzatilmoqda.
15-yanvar kuniga qadar yuz bergan yongʻinlar soni oʻtgan yilga nisbatan ikki barobar oshganligi kuzatildi.
Yongʻin kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda, aksariyat hollarda aholi yashash joylaridagi yongʻinlar gaz va elektr isitish moslamalaridan foydalanishda texnika, yongʻin va elektr xavfsizligi qoidalariga rioya etilmasligi oqibatida kelib chiqayotganligi maʼlum boʻlmoqda.
Ob-havo haroratining pasayib borishi natijasida gaz, elektr va boshqa turdagi muqobil yoqilgʻi isitish moslamalaridan foydalanishga boʻlgan ehtiyoj ortib boradi. Bunday paytlarda isitish moslamalaridan notoʻgʻri foydalanish oqibatida koʻngilsiz hodisalar sodir boʻlishi hamda yongʻinlar bilan bogʻliq turli favqulodda vaziyatlarga olib kelishi mumkin.
Hurmatli fuqarolar, tashkilot, korxona va muassasalarning rahbarlari!
Turli koʻngilsiz hodisalarni oldini olish maqsadida gaz uskunalaridan va isitish moslamalaridan foydalanishda quyidagi yongʻin va xavfsizlik talablariga qatʼiy rioya qilishingizni soʻraymiz:
— qoʻlbola va nosoz gaz hamda elektr isitish moslamalaridan foydalanmang;
— tungi vaqtda aholi turar joylarida oʻrnatilgan isitish tizimini nazoratsiz qoldirmang;
— tabiiy gazda ishlovchi gaz plitalardan xonalarni isitish maqsadida foydalanmang;
— isitish pechlari va ularning moʻrilarini sozligiga, moʻrilarni turli buyum va toʻsiqlar bilan berkitib qoʻyilmaganligiga hamda maxsus tashkilotlar tomonidan oʻz vaqtida tozalanishiga alohida eʼtibor bering;
— isitish moslamalari yaqinida yonuvchan buyumlarni saqlamang;
— isitish moslamalaridan foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning tavsiya va yoʻriqnomasi talablariga rioya qiling;
— gaz uskunalarni ulash tartib qoidalariga qatʼiy rioya qiling va rezina shlanglar orqali ulanishga yoʻl qoʻymang;
— agarda xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan aslo foydalanmang, darhol xonani shamollating hamda gaz xizmatiga zudlik bilan xabar bering.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring