Jon ichra jonim mening

16:36 08 May 2020 Jamiyat
3136 0

Hazrat Alisher Navoiy “Muhokamat ul-luatayn” asarida shunday yozadi: “Nuh payambar salavotullohi alayhaning uch oʻliakim, Yofas va Som va Homdur yetishur. ...Yofasniki, tarixlar ahli Abut-turk biturlar, Xito mulkiga yubordi va Somniki, Abul-furs biturlar, Eron va Turon mamolikining vasatida voliy qildi va Homniki, Abul-hind debdurlar, Hindiston bilodia uzatti”. Shuningdek, payambar oʻillaridan Yofas ibn Nuhni “Va Yofas oʻlonniki, Abut-turkdur, tarix ahli ittifoqi bila debdurlarki, nubuvvat toji bilan sarafroz va risolat mansabi bila qardoshlaridin mumtoz boʻldi”, deb sharaflaydi.

Zamonaviy tarix toʻfon voqyealariga kelganida taysallanadi va bilib-bilmay uni qadimgi dunyo asotir-rivoyatlari qatoriga qoʻshadi. Yaʼni uning roʻy berganini mutlaq haqiqat deb bilishdan nimagadir tiyilib turadi. Alisher Navoiy soʻzining moʻtabarligi shundaki, u davrda tarix va ilmda dalil-hujjatsiz biror soʻz aytilmagan. Hujjatni esa yana bir buyuk bobomiz Abu Rayhon Beruniydan topamiz: “Osor ul-boqiya” asarining “Tarixlar mohiyati” bobida Nuh payambar toʻfonining qachon roʻy bergani haqida oʻsha davr olimlari hisoblarini qiyoslab, “Bobil va Kalda olimlari... toʻfon bilan Nabonnasar birinchi podshohligining boshlanishi oʻrtasidagi muddatni ikki ming olti yuz toʻrt yil, Nabonnasar bilan Iskandar oʻrtasidagi muddatni toʻrt yuz oʻttiz olti yil topganlar”, deb xabar beradi. Nabonnasar podshohligi davri esa eramizdan avvalgi 747-yillar deb bilinadi.

Bugungi kunimizga kelsak, yana bir qiziq maʼlumot oʻz olimimiz, filologiya fanlari doktori, professor Jabbor Eshonqul tadqiqotlarida namoyon boʻladi. Maʼlumki, dunyoda insoniyat yaratgan eng koʻhna doston — “Gilgamish”dir. U bitilgan sopoltoshlar eramizdan avvalgi asrlarda yashagan Nineviya shohi Ashurbanipal xazinasini qazish vaqtida topilgan. Dostonning akkad va shumer tilidagi koʻrinishlari bor. Baʼzilar akkad tilidagisini mukammalroq, yaʼni shumerlar uni akkadchadan tarjima qilib olishgan, deb daʼvo qilishadi. Nima boʻlganida ham, shumer soʻzlarini bugungi turkiy soʻzlar bilan qiyoslasak, shuningdek, dostonning “Gilgamish” (“Bilgamish”) deb nomlanishiga diqqat qaratsak, ancha-muncha sirlar oydinlashadi (dostonlarimizning nomlanishidagi oʻxshashliklar ham shuni taʼkidlab turadi, masalan, “Alpomish”, “Kuntugʻmish”). Hozirgacha “Gilgamish”ning asli shumer tilida bitilganmi yoki akkad tilidami degan bahslar toʻxtamagan boʻlsa-da, dostonda uchraydigan soʻzlarning oʻziyoq deyarli uch ming yil ilgarigi tarixdan darak berib turibdi.

Turkiy xalqlar eposlarining oʻzagi qahramonlikdir. “Gilgamish” dostonida ham qadimgi Uruk shahrida boʻlib oʻtgan voqealardan hikoya qilinadi. Doston qahramoni Gilgamish samoviy hoʻkizni oʻldiradi va yer ostiga tushib, mangulik oʻtini olib chiqadi. Nuh paygʻambar oʻgʻillaridan va toʻfondan bahs etdik, aynan shu doston Nuh alayhissalom toʻfonidan xabar beruvchi yagona epik asardir. Yaʼni “Gilgamish” dostoni voqealari bilan toʻfon boʻlib oʻtgan davrning bir-biriga yaqinligini koʻrsa boʻladi.

Jabbor Eshonqul fikriga koʻra, shumercha bilan bugungi turkiy tillarni, xususan, oʻzbekchani qiyoslab koʻrsak, ancha-muncha oʻxshashliklarni topish mumkin. Chunonchi, “ota” — “ota”, “eme” — “ona”, “kir” — “qir”, “yesh” — “eshik”, “ush” — “uch”, “me” — “men”, “gesh” — “qush”, “od” — “oʻt” (olov), “yeren” — “eran”, “teg” — “teg” (tegmoq), “tush” — “tush” (tushmoq), “uzun” — “uzun”, “udun” — “oʻtin” va hokazo. Bu maʼlumotlarni dunyoga mashhur shumershunos olima Muazzez Chig va taniqli qozoq shoiri Oʻljas Sulaymon izlanishlari ham tasdiqlaydi.

Ustoz Erkin Vohidov “Senga tengdosh Pomiru oqsoch Tiyonshon, oʻzbegim” deb bejiz yozmagan ekan-da, degan oʻyga borasiz.

Nuh alayhissalomning oliy xulqli oʻgʻli Yofas Abut-Turk zamonasidan buyon oʻzining toʻgʻriligi, ota-onasini, millatini va vatanini qadrlashi bilan dong taratib kelgan turkiylarning yana bir oʻgʻloni — Mahmud Koshgʻariy Chinga yondosh Koguryo davlatidan to Bulgʻor eligacha boʻlgan oʻlkalarga yoyilib ketgan turkiy el-elatlarni qadam-baqadam kezib, har soʻzini lugʻatga muhrlaganidan koʻpchilik xabardor, biroq Koguryodan Bulgʻor eligacha masofani koʻz oldingizga keltiring-a. Sakkiz ming chaqirimdan oz emas. Mahmud Koshgʻariy oʻz lugʻatida keltirgan soʻzlarning koʻpi bugungi tilimizda ham uchraydi. Buning uchun oʻsha muhtasham asarni bir varaqlab chiqish kifoya. Ajoyibi shundaki, Mahmud Koshgʻariy soʻzlar tashiydigan maʼno oʻzgarishlarini ham sharhlab oʻtgan, yaʼni Yer yuzining birinchi turkona izohli lugʻatini tuzgan.

Tilimiz shunday koʻhna boʻlsa, elimiz ham shunchalar qadimiydir. Qadimiy deyilganida shuni nazarda tutish kerakki, oʻz kuch-qudrati bilan turli ofatlardan eson-omon chiqib, bugun ham gurkurab yashab kelayotgan el va til bu!

* * *

Oʻzbek tili shunday betakrorki, maʼnolariga mahliyo boʻlmay iloj yoʻq. Uning eng oʻziga xos jihati — hech qachon soʻz maʼnosini mavhum va xayoliy bir nimalarga bogʻlamaydi, qaytanga, aniq va hayotiy dalillar, harakatlar bilan boyitib koʻrsatadi. Misol uchun, “kuz oyoqladi” deydilar. Ha, kuz oyoqladi, qish nafasi sezildi. Oyoqlashi qanaqa boʻladi? Oyoq chiqarib xazon bogʻlari uzra kezarmikin? Lekin “Mehmon-izmon oyoqladi”, “Qoʻniqning oyogʻi uzildi”, deydilar. Kuz ham mehmonday kelib-ketar ekan-da? Kuz keta boshlaganida, saharlab dala-tuzni qirov-bulduruqlar qoplaydi. Dov-daraxtni ushuk uradi, erta qish hammayoqni qirovga burkaydi. Yana zavqingiz keladi: “ushuk urdi” degani nimasi? Ushuk dov-daraxtni shunaqa gangitib qoʻyarmikin? “Qoʻniq” degani-chi? “Yoʻlda borar ekanman, oqshom qoʻndi, men ham oʻsha yerdagi bir ovulga qoʻndim”. Birgina “qoʻnmoq” soʻzining turli-tumanligi va haqqoniy hayot manzarasini aks ettirishiga zavqlanmay iloj yoʻq.

Eh-he, davom ettiraversangiz, adashib qolishingiz hech gapmas.

Tuxum oqiday boʻlib kun chiqdi. Tikkaga oʻrlamay, tumanli ufq toqidan asta koʻtarilib, bir yerga borganida tek qoldi, tegrasida oqish doira paydo boʻldi. “Kun oʻtov tikdi” deyishdi kishilar. Oʻtov ulovga ortilgan boʻladi, ulus bir oz tin olay deganida tushilib, oʻtov tikiladi. Qanchadir muddat oʻtib, yana yoʻlga tushiladi. Haqiqatan ham, kun tikkaga yetar-yetmas bir dam tek turib qoladi. Kishilar uni oʻzlariga oʻxshatib “oʻtov tikdi” deyishganiga nima deysiz?

Qor momoguldurak bilan yogʻsa, “qish bola tashladi”, deyilgan. Qish-a? Bu ajoyib el qishni tirik deb tasavvur qilmoqda. U ham qaylardadir hayot kechiradi, bir sabab boʻlib, xuddi qoʻy-sigirlar, ot-tuyalar singari bola ham tashlarmish! Yoki “qilichini koʻtarib, qish keldi”, deydilar. Shuning oʻziyoq qishga oʻzga mazmun yuklab yuboradi, yaʼni uni lashkar deb tasavvur qiladi. Umuman, oʻzbek tili iboralarida odamni hayratga soladigan jonlantirishlar bor. “Uchqunlab qor yogʻdi, oʻchoqlarga oʻtin qalandi. Olov chirs-chirs qilib, havoda yashil-qizil uchqunchalar hosil qilib yonaverdi”. “Yonish” soʻzi umumiy boʻlsa, “oʻt-alanga oldi” degani nimaningdir oʻz-oʻzidan qizib, birdaniga olov olishini koʻrsatadi. Oʻt yongach, choʻgʻ qoladi, uni “qoʻr” deydilar. Biroq askar toʻpiniyam “qoʻr” deyishgan, choʻgʻday lovullab turgan bir toʻp yigit “qoʻr” boʻlmay nima boʻlsin?!

Oʻn yil oʻylasangiz ham bunaqa joyiga qoʻyib soʻzlolmaysiz. Zavqlanasiz, qayta-qayta oʻqib, huzur qilasiz.

Aytimlar-ku oʻz yoʻliga, har bir soʻzning oʻz manzarasi, his-tuygʻusi bor. Masalan, suvni ayting. “Suv miltirab oqyapti” deyilsa, tubidagi qumni sal-pal toʻzgʻitib, qaynab chiqayotgan buloqdan enib, sirtida quyosh nurini akslantirib oqayotgan zaif ariqcha namoyon boʻladi. “Jildiradi” desa-chi? Mayin sas chiqarib, tagidagi mayda toshlarni qoʻzgʻatib, ingichka oqim bilan kun nurini akslantirib oqayotgan tip-tiniq jilgʻa... Tiniq suv ostida oqim tubidagi toshlarning rangigacha namoyon boʻlib turibdi. “Shildiradi” degani yana boshqa. “Sharqiradi” degani-chi? Shovullab, guvillab, shovqinu gulduros solib oqayotgan daryolar-chi? Qarsillab sinayotgan, oʻkirib-pishqirayotgan toʻlqinlar-chi?

El bepoyon desangiz, tili undan ham bepoyon. Chunki avvalu oxir zamonlarni oʻzida jamlab olgan.

Tilimizning yana bir, balki eng qulay jihati — soʻzlar feʼldan, yaʼni harakatdan yasalib ketaveradi. Bu esa elning muttasil harakatda boʻlganini koʻrsatadi. Misol uchun, “qil” degan soʻzni oling — qiliq, qilmish... Qilmishga qidirmishni opkelib ulab qoʻyadi, qarabsizki, maqol ham tayyor. Yoki “koʻch” soʻzidan kelib chiqqan “koʻchmoq” feʼlini koʻring. “Koʻchirmoq” bir narsaning joyini oʻzgartirishdan to maktabda birovning daftaridan koʻchirib olingan tenglamagacha ifodalaydi. Togʻu qirdan tosh-tuproq palaxsa-palaxsa boʻlib jilishini “koʻchki” deydilar, bu ham koʻchishning uyqashlari. Tilingan joy yara boʻlib qotsa, oʻsha qotib qolgan joyning bitishiga “Yara koʻchib tushdimi?” deyiladi.

“Tuz” degan soʻzni qarasangiz, yoqa ushlab qolasiz. “Tuz” — “tuzmoq”ning oʻzagi, ana endi bu birgina oʻzak nimalar qilib yuboribdi. “El tuzdi” — elni tuzatdi, barpo qildi degani. “Tuzuk” — qonun degani, “tuzuk ish boʻlibdi” — “maʼqul, yaʼni qonunga ters emas”, “tuzmoq” — tartib bermoq, tuzukka moslab barpo etmoq. Davlat tuzdi degani-chi? Axir, davlat tuzilgachgina tuzuk boʻladi-da! Tuzugi boʻlgandagina davlat boʻladi-da!

Moʻltayib, soʻppayib, soʻljayib, shalpayib, qaqqayib, qiyshayib, qingʻayib... bularning har biri alohida holatni ifodalaydi, kishi holatini eng nozik qirralarigacha koʻrsatadi.

Qisqasi, qay soʻzga qarasangiz, bir tarixdan, bir taqdirdan soʻzlayveradi. Ismlarga nazar tashlaysizmi? Kimningdir otasi yo onasi u tugʻilmasidan avval olamdan oʻtgan boʻlsa, oʻz-oʻzidan Yodgor boʻladi, bu esa “Yod” — yodlamoq soʻziga uyqash. Bunaqa ismlar koʻp, masalan, Toʻxtasin — hayotda qolsin yoki bironta juft ketma-ket bola koʻraversa, yetar endi, toʻxtay qolsin degan niyatda qoʻyiladi. Tavba, shundan keyin toʻxtarmikin? Yana kimdir ketma-ket qiz koʻraversa, kenja qizaloqqa “Oʻgʻiloy”, “Oʻgʻilcha”, “Ulboʻsin” deb ism beradi, qarabsizki, keyingi farzand oʻgʻil boʻlib tugʻiladi. Pardavoy pardasi bilan, Xoldor xoli bilan tugʻilgan, Anorboy — anorday dogʻi bor kishi, Ortiqboy — bir yeri ortiq, Davlatbek — davlat olakelsin deb qoʻyilgan. Yana orzularni ham ifodalashi-chi? Mukarram, Xosiyat, Nazira, Ibodat... Har ism ortida ota-onaning bir orzu-armoni turganini koʻrasiz. Mukarram desa, shu qizaloq dunyoga keldi, mukarram boʻlsin degan, Xosiyat desa, xosiyatli boʻlsin, Ibodat — ibodatli-imonli boʻlaqolsin deb turgan ota-ona gavdalanadi. Ha, manzaraga qarang, axir: ichkarida koʻzi yorigan onaizor, chaqaloq bigʻillashi, tashqarida doyaga doʻppisiga qoʻshib bor-budini berib, quvonchi yeru koʻkka sigʻmagan ota...

Jon-jigar ismlari-chi? “Ogʻa” desa, jonga yaqin qayishadigan his bor. “Ini” desangiz, ogʻa qoshida izzatini bilib turgan navnihol oʻsmir jonlanadi. Singil soʻzida mehr-muhabbat, ona soʻzida quyosh tafti bor, otada ulugʻvorlik, salobat hamda haybat, amma-amakida ota qiyofasi, togʻa-xolada ona mehri bor... Tavba! Singilning “Akajon” deb chopib kelishi mehrni ifodalasa, “Jon aka” deyishi yalinishday boʻlib qolarkan.

Eniyu boʻyiga minglab chaqirimga yaclanib ketgan shu qutlugʻ elning qishloq nomlari ham tilga kirib, tarixlardanu kishilar hayotidan darak berdi. Qirqlar kim? Yuzlar, minglar, qoʻngʻirot, barlos, qitan, yaypan-chi? Avazboy, Zohidon ne? Kapa-chi? Olchin, Samandarak, Oltiqush, Oʻyrot, Jaloyir, Beshkapa, Yaypan, Chomoch, Jilva... “Tevaragingizdagi nomlarga diqqat qiling, kamida yuz, boʻlmasa, ming yillik tarixdan soʻzlaydi”.

Shularni mulohaza qilib, har soʻz ortida tumonat kishilar hayoti, turmush tarzi, tutumlari turganini koʻrib, qonda yashab turgan millat ruhi yana-da joʻshib, “Bor boʻlgin, ona tilim” deb yuborasiz.

* * *

Bu ajoyib til shunaqangi tarixlardan hikoya qiladi-ki, bagʻridagi maʼnolarini ochib yuboradi.

Juda olis zamonlarda chorva yoyilgan yayloqlardan, ulus oʻngirlardan enib kelib qishlagani toʻxtagan, bir yonida sharqirab qor suvi oqqan qishloqlardan, yigit-yalang oʻlja tushishini kutib pisib yotgan ovloqlaru poyloqlardan, yuz-koʻzi oppoq nurga chulgʻangan oy momolardan, mitti qoʻlchalarida bir chechakni tutib alpang-talpang yurgan oy qizaloqlardan, dunyoning eng qadim dostonlaridan, togʻu toshlarning koʻhna bitiklaridan hikoya qilaveradi. Men juda qadimiyman, deydi. Kishilar bagʻrida yashayveraman, el hayotini oʻzimga jo qilib olaveraman, u borki, men ham borman, deydi...

Gilgamish, Alpomish, Er Toʻnga zamonidan yaqinroq kelsangiz, Koʻkturklar hukmdori Bilga Xoqon inisi oʻlimidan iztirobga tushib, shunday soʻzlarni aytadiki, qaygʻusiga sherik boʻlasiz: “Oʻzimcha qaygʻurdim. Bir Tangri yashar. Kishi oʻgʻli oʻlgali tugʻilar ekan... Koʻzga yosh keladi. Ataganda koʻngildan hoʻngrash keladi....” Manzarani his qilyapsizmi? “Otini atasam, koʻnglimdan hoʻngrash keladi” — qanday aniq, poetik manzara! Koshgʻariy zamonidan oʻtib yanayam yaqin kelsangiz, “Boburnoma”da Shoh Bobur oʻz tengingizday, joʻrangizday soʻzlay boshlaydi. Ogʻochlar ostiga qalin va xoʻb tushgan xazon sayliga chiqilgani koʻz oldingizga keladi. Oʻqiganingizda jilgʻaday top-toza, musaffo tilni his qilasiz. Xanjak degan ogʻochning yorugʻ yonishi, tutunining isi yaxshi boʻlishi, choʻgʻi uzoq turishi, balut esa gʻaroyib bir sharfa-shovqin bilan oyogʻidan boshigacha bir lahzada kuyib bitishini taʼriflasa, bari shundoqqina koʻz oʻngingizga kelib turadi. Navoiy bobo Semurgʻ yetib borgan yuksaklik olamlariga yetaklaydi. Koʻhna dostonlaru “Devoni lugʻotit-turk” yurakka oltin xazina boʻlib oʻrnashadi. Qoʻy-qoʻzi baʼrashi, shamolda maysa silkinishi, suv shovurlari, osh pishishi, el toʻplanishidan, qahramonliklardan xabar berdi, inson shon-sharafidan, umr mazmunidan hikoya qiladi...

Tilimizning bugungi ahvoliga qarab turib esa ulugʻ Navoiy bobomizning shu misralari yodga keladi:

Bunchakim vayrona kezdim, ganj bir ham yoʻq edi,

Bu nechuk vayronakim, bunda madfun necha ganj...

* * *

Agar shu tadqiqotlardan kelib chiqsak, oʻn ming yillardan buyon yashab kelayotgan tilimizni nechuk ardoqlamaylik, izzatlamaylik, shon-sharafini koʻklarga koʻtarmaylik?! Bu qanday Qaqnus qushiki, kul orasidan yangitdan bino boʻlib chiqaveradi? Bu qanday Humo qushiki, baxt-saodat, mehru muhabbat, vafo-sadoqat tarannumi boʻlib qayta va qayta yangrayveradi?

Shu jilvalarga mahliyo boʻlgandirki, ardoqli shoirimiz Muhammad Yusuf “Seni bilganlarga qilaman taʼzim, Seni bilmaslarga rahmim keladi”, degan.

“Oʻzbek tilining imlo lugʻati”da yetmish besh mingta soʻz bor. Lekin soʻzlarimiz aslida bundan ikki-uch hissa koʻp. Ular shahar-qishloqlarimizda, shevalarimizda yashirinib yotibdi. Misol uchun, men tugʻilib oʻsgan qishloqda “paymanchak” degan soʻz bor. U — soy, koʻl yoki daryo boʻyida suv olish uchun oʻyilgan zinapoyadir. Ot anjomlarining nomlarini qarang: yugan, tizgin, noʻxta, chilbir, suvluq, soldirgʻa, qoʻndirma, quyushqon, uzangi, pishton, toʻqim, qoʻnji, egar, egarqosh, yopinchiq, talbogʻ, tarilgʻa... Har qishlogʻimizda oʻnlab-yuzlab bugun qoʻllanilmaydigan, biroq oʻz soʻzlarimiz bor. Masalan, devor ostidan ariq suvi oqib oʻtishi uchun qoldirilgan teshikni “moʻrin”, suv oʻyib oʻtgan yoriqlarni “boʻrin” deydilar. Hatto qush patining uchigacha oʻzining nomi bor, u “chalqa” deyiladi.

Holatlarning ifodasi yana-da qiziq. “Koʻnglim choʻkdi” deydi dili ogʻrigan kishi. Dil tubidagi choʻkkan quyqa-choʻkindini, yaʼni gʻussani darrov tasavvur qilasiz. “Koʻnglim ogʻrib qoldi” deydi boshqa birov. Tan his qiladigan ogʻriq bilan ruh ogʻrigʻini qiyoslang-a. Tani ogʻrigan kishi harakatdan qoladi, koʻzini moʻltillatib muztar-muztar yotadi. Koʻngli ogʻriganning holi ham xuddi shunday.

Shevalarimizda shunchalar koʻp soʻzlar borki, barchasini tizib chiqsak, yarim milliondan oshsa kerak. Shu nuqtayi nazardan, oʻzbek tilini rivojlantirishday ezgu maqsad yoʻlida jipslashgan olimlarimiz va mutaxassislarimiz oldida juda katta va qutlugʻ vazifa turganiga sira shubha yoʻq. Har bir soʻzimiz, ulugʻ shoir Abdulla Oripov taʼbiri bilan aytganda, bitilmagan dostondir. Vazirlar Mahkamasi Davlat tilini rivojlantirish departamentining konsepsiyasida va davlat dasturida bular ochiq-oydin ifodalab berilgan. Endi hamma gap ijroda. Yaʼni Davlat departamentidagina emas, sizda, bizda!

Bugun tilimiz beshta boʻlakka: ilmiy, rasmiy, axborot, koʻcha va badiiy tilga ajralib qoldi. Shulardan eng hayotbaxshi, eng jonga yaqini badiiy til, albatta. Ilm tiliga-ku bir nima deyish qiyin: oʻz xususiyatiga koʻra, u aqlu tafakkur chegaralaridan oʻtishga intiladi va u yerda isbot qilingan haqiqatlarni ona tilimizga olib kelib qoʻshadi. Bu borada ilmning tilga xizmati juda yuksak. Chunki kashfiyot, ixtiro va topilmalar uni kashf etgan kishining ona tilida nomlanadi hamda butun olamga oʻzini koʻz-koʻz qilib turadi. Bunga mamlakatimiz olimlari yaratgan “Porloq”, “Ravnaq” paxta navlarini misol qilib keltirsak boʻladi, chunki biotexnologiya yutuqlarini oʻzida mujassam etgan ushbu topilmalar hozir Hindiston, Misr va qoʻshni davlatlar sari oʻzbekcha nomlarni olib uchganiga ancha boʻldi.

Ish yuritish tili — barcha oʻlkalarning soʻzlashuv va badiiy tilidan ajralgani haqiqat. Chunki ish yuritishning oʻz qoidalari bor: jumlalar matni aniq va qatʼiy boʻlishi shart.

Ommaviy til hisoblangan axborot tiliga kelsak, yoʻqotishlarimiz va chalgʻishlarimiz yaqqol koʻrinadi. “Neksiya” va “Spark” ishtirokida yoʻl-transport hodisasi roʻy berdi”, deydilar. Aslida buni oʻzbekona qilib “Neksiya” va “Spark” halokatga uchradi” yoki “toʻqnashdi”, desayam boʻladi. Yoki “nafar” soʻzi. Arab harbiyasida “oddiy askar” maʼnosini beruvchi bu soʻzni biz har qanaqasiga qoʻllayveramiz. “Besh nafar xodim” oʻrniga “besh xodim” yoki “beshta mutaxassis” deyilsa, bas. Yoʻq, “nafar” mahkam oʻrnashib oldi, yanayam ajablanarlisi, “besh nafar xodimlar”ga ham aylanib boʻldi. Ha, endi osmon uzilib yerga tushibdimi desangiz, oʻn-yigirma yildan keyingi avlod buni tilning temir qoidasi deb qabul qiladi.

Soʻzlashuv tili esa tilimizning va ruhiyatimizning ahvolini roʻyirost koʻrsatib turibdi. Aslida, turli kishilar tilni bu oʻrinda oʻziga moslab oladi, qisqartiradi, oʻzgartiradi, buzadi. Milliy shuurdagi oʻzgarishlar aynan shu oʻrinda yaqqol koʻrinadi. Ilmliyu ilmsiz, savodliyu savodsiz bir qozonda qaynayveradi. Bu holat ancha-muncha oʻziga ishongan davlatlarda bor, bizda ham roʻy bermoqda. Biroq tilni buzib ishlatish boshqa, oʻz soʻzimiz turganida yot soʻzni ishlatish boshqa. Qachondan beri taom “fud” boʻlib qoldi? Qachondan beri xizmat “servis”ga aylandi? Tish shifokorining oʻzi durust edi, undan “stomatolog” yasadik, buyam yetmaganday, “dental servis” ochib oldik. Bir amallab Angliyadan Rossiyaga oʻzgarishsiz oʻtib kelgan tekstil sanoatini “toʻqimachilik”ka, arxitekturani “meʼmorchilik”ka aylantiruvdik, ortidan “dizayn” chiqib turibdi. Uning mazmuni — maʼlum ashyo yoki narsani badiiy bezash degani. Besh yuz yil ortga qaytib, Kamoliddin Behzod bobodan soʻrasak, noqobil avlodlariga qanday dakki berar ekan? “Arxitektura dizayni”ni “meʼmoriy bezash”, “interyer dizayni”ni “ichki bezak”, “eksteryer dizayni”ni “tashqi bezak” desang boʻlmaydimi, bolam, dermikin? Hatto bir kishi roʻyirost “sanʼat” bilan “sanoat” bir soʻz emasmi, nega ikki xil yoziladi deb soʻrab yuribdi, unga “sinoat” degan soʻz ham bor desangiz, xunobi oshadi.

Yuz yillik texnologik inqilob mobaynida bizda ilmiy kashfiyotlar yuz bermadi emas, oʻzlashtirib olindi, desak, toʻgʻriroq boʻladi. Bunga turli soha olimlari oʻnlab misollar keltira olishadi. Misol uchun, fazo kemasidan oq-qora tasvir oʻrniga ranglisini uzatish oʻzbek olimining kashfiyoti edi. Zamonaviy tibbiyotning ajralmas dastyori sanaladigan ultratovush tashxis qurilmalarining ilk kashshoflari ham oʻzbek olimlari boʻlgan. Konchilik, maʼdanchilikdan fazo ilmigacha boʻlgan sohalarda olimlarimiz oʻz ixtirolarini yaratishgani, ularga oʻzgalar ega chiqib, oʻz tillarida nomlab olishganiga yetarli dalillar bor. Oʻtgan ishga salovot, u voqealardan kerakli xulosa chiqarib, kelajakni oʻylaylik deysiz-u, biroq kelajakka, albatta, oʻz ona tilimiz va undagi hayotbaxsh yangiliklar bilan yuzlanishimiz lozim-da.

Innovatsion rivojlanish vazirligi — jahondagi eng soʻnggi texnologiyalarni, yutuqlarni, ilm-fan yutuq va kashfiyotlarini iqtisodiyot va jamiyat sohalariga tatbiq qiladigan davlat tuzilmasi. Uni “kelajak vazirligi” yoki “yangiliklar vazirligi” deb ham ataydilar. Ishonasizmi, faoliyat mobaynida shunchalar koʻp va turli-tuman yangi soʻzlarga duch kelamiz-ki, agronomiyadan astronomiyagacha, metallurgiyadan nano va mikro-texnologiyalargacha, ijtimoiy fanlardan negiz-tamal fanlargacha boʻlgan yangiliklarni juda keng miqyosda joriy qilish ishi amalga oshirilmoqda. Haqiqatan ham, bu dargoh ilm-fan, aql-zakovat joʻsh uradigan qiziqarli maskan, biroq yangi soʻzlarga kelganida bosh qashib qolasiz. Masalan, “fudomiks” soʻzi inglizcha “fud” — ozuqa va “miks” — aralashma soʻzlaridan olingan, butun dunyo uni “fudomiks” deb qoʻllaydi. Buni “oziq-ovqat aralashmalari” desak, til qonuniyatlariga mos boʻladimi-yoʻqmi? “Hujayra liniyalari” — tadqiqot oʻtkaziladigan maʼlum tur hujayralar namunalari boʻlib, “uni hujayra tizmalari” desak-chi? Prekursorlar, kursorlar, kislotalar, antidotlar, bakteriyalar, neft yotoqlari, omborlari, qayta ishlash uskunalari, quyosh texnologiyalari, tabiiy energiya manbalari... Bularni qoʻyavering, kimyo fanidagi hamma biladigan kislorodni nima deya olamiz? Ochigʻi, shu “kislorod” soʻziga juda alamim bor: oʻlguday ruscha soʻz, uni xalqaro fan “oksigen” deb ataydi. Ruslar oʻzlariga moslab oksigenni avvaliga “kislotvor”, soʻngra “kislorod”, yaʼni “achitqi tugʻdiruvchi” deb, vodorodni esa “suv hosil qiluvchi” deb atab olishgan. Shu oʻrinda rus olimlarining tutumiga qoyil qolish kerak: koʻrinib turganidek, modda xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ism berishgan desangiz, “kislorod” sirayam “achitqi tugʻdiruvchi” emas... Xuddi shu yerda yana lop etib tariximiz koʻzga tashlanadi: ilmiy tafakkurimiz havoning, suvning, moddalarning tarkibiga kelganida toʻxtab qolganini koʻrsatadi. Ie, bu axir, tarix-ku? Nega toʻxtab qolgan, sababi nima boʻlgan ekan degan iztirobli savollar oʻz-oʻzidan paydo boʻladi. Boshqa ommaviy soʻzlarda ham ahvol shu: “Eyrkraft” — “havo kemasi”, uni rus tiliga oʻzlashtirib, “oʻziuchar” maʼnosini beruvchi “samolyot”ga aylantirishgan. Holbuki, “havo kemasi” yoki “uchoq” juda oʻrniga tushadigan soʻz. Xullas, savollar koʻp, javoblar esa oʻzingiz bilganingizday.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasida tashkil qilingan muhim tuzilma — Davlat tilini rivojlantirish departamenti bergan xabarga koʻra, bugungi kunda bu ishga ikki yuzdan ziyod olimlar jalb qilingan, takliflar ustida oʻttizdan ziyod mutaxassislar ter toʻkmoqda. Albatta, buncha kishi tilimizning oʻziday chiroyli, uzukka koʻz qoʻyganday soʻz va iboralarni topishlariga shubha yoʻq. Masalan, “peshlavha” soʻzining qanday chiroyli oʻrnashganiga qarang. Zarlavha, sarlavhalardan kelib chiqqan, peshtoq soʻzi bilan uyqash. Yaqin-yaqingacha “tuzilma”, “topilma” soʻzlari qoʻllanilmasdi. Natijadorlik-chi? Mushkul tuyulgan bu ishni uddalasa boʻlarkan-da? Demak, olgʻa! Shuncha filolog, dialektolog, tilshunos-lingvist olimlarimiz bor, deyarli hamma sohada koʻzga koʻringan mutaxassislar yetarli ekan, tilimiz yangi-yangi soʻzlar bilan boyishiga shubha yoʻq.

Shu oʻrinda xalq orasini kezsak, oʻzbek tili zamonga moslashayotganiga shohid boʻlasiz. Uning barhayotligiga, kishilarimiz uni oʻz holicha boyitayotganiga shukr qilasiz. Misol uchun, barcha elektron asbob-uskunalar ichidagi aqlli “miya” fan tilida “mikrochip” deb ataladi. Koʻrgan boʻlsangiz, yuztacha ingichka oyogʻi bor yumaloq yoki toʻrtburchak bir nima. Shuni bir usta yigit “tikon-chip” deb nomlab olibdi. Chunki koʻrinishi koʻztikanning naq oʻzi! Mening onam smartfonni “silaydigan telefon” deb nomlabdi. “Qanaqasiga silaydigan telefon?” desam, “Oynasini mundoq-mundoq silaysan-ku”, deydi. Bizlar sunʼiy yoʻldosh antennasini “chanoq antenna” deb yurgan paytimizda allaqachon “lappak” deyishgan. Tilimizga oʻrnashib olishga ulgurgan “kapelnitsa”ni “tomchi dori” deb yurgan boʻlsak, “osma ukol” deyishibdi. Haligacha avtoulovning oʻng-chapga burilishga ishora beradigan chirogʻini “qayrilib olish yoki burilish chirogʻi” deb qiynalib yursak, “oʻchib-yonadigan chiroq” deb qoʻya qolishibdi. “Signal” deyishmaydi, “Moshinani bi-biplat” deyishadi. “Xavfsizlik kamari” tilimizga oʻrnashib boʻlgan, biroq uniyam soddalashtirib, “kamar” yoki “belbogʻ” deyishadi.

Koʻrinib turganidek, bir tomondan xalqimizning oʻzi ham yangi atamalarni oʻz tiliga moslamoqda va tan olish kerakki, haqqoniy oʻzbekcha muqobillarini yaratmoqda. Aksariyat kishilarimiz biror narsani nomlashda uni oʻzi koʻrgan boshqa narsasiga qiyoslashiga dalil bu. Demak, oʻzbek kishisi taraqqiyot chegaralaridagi koʻz ilgʻamas jarayonlarga shohid boʻlsa va ularda bevosita oʻzi ham ishtirok etsa, hech kimning aqliga kelmaydigan gʻoyat hayotiy yangi atamalarni ijod qilishi turgan gap.

Yana bir oʻta muhim jihatga toʻxtalib oʻtish kerak. Yaqin yuz ellik yil davomida taraqqiyotdan uzib qoʻyilgan, chetga surilgan, kamsitilgan va haqoratlangan shu til jamiyat voqea-hodisalarini roʻyirost koʻrsatib turadi, bugungi kundagi asosiy muammolarimiz yangi termin va atamalarda dedik. Bu orada fan yana-da turli-tuman yoʻnalishlarga boʻlindi, har birida ilm taraqqiyotiga xizmat qiluvchi yangi kashfiyotlar yaratildi. Erkin Vohidov “Atomni ijod etib” deb bong urgan boʻlsa, zamonaviy fan allaqachon atomni ham yuzlab boʻlaklarga boʻlib, hatto aksilzarralar olamigacha yetib bordi.

Oʻzbekistonda ilm-fan taraqqiyotiga yuksak eʼtibor berilishi va oʻzbek tilining mavqeini yuksaltirishga davlat darajasida ahamiyat qaratilishi endilikda nafaqat dunyoda mavjud yangi bilimlarning kirib kelishiga, balki oʻzimizda ham yaratilishiga yoʻl ochishi bilan birga, yuqoridagi kabi oʻz holicha davom etayotgan jarayonlarni tizimli ravishda tartiblab, shiddatlanishiga, noxush holatlarga barham berilishiga sabab boʻlishi ayon. Shunda oʻzbek soʻzlari ham dunyo boʻylab qanot qoqadi. Bu ezgu ish uchun davlatimiz juda katta mablagʻ sarflamoqda, chunki milliy yuksalishning boshqa yoʻli ham yoʻq — mamlakat, u bilan birga, ilm-fan, texnologiyalar, kishilar tafakkuri va albatta, tili ham rivojlanishi shart!

Shon-sharafli, qutlugʻ oʻzlik yoʻlining yangi boshlangʻichi mana shu ezguliklar ekaniga shubha yoʻq.

Isajon SULTON

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер