Jo Bayden Ukrainaga bir milliard dollarlik yangi harbiy yordam paketi haqida maʼlum qildi
Foto: Reuters
AQSH prezidenti Jo Bayden Kiyevga 1 milliard dollarlik yangi harbiy yordam paketi ajratilishini maʼlum qildi.
Oq uy matbuot xizmati xabariga koʻra, AQSH harbiy yordam paketiga qoʻshimcha artilleriya va qirgʻoq mudofaa tizimlari, shuningdek, ukrainaliklarning Donbassdagi mudofaa operatsiyalarini qoʻllab-quvvatlashi uchun zarur boʻlgan artilleriya oʻqlari va ilgʻor raketa tizimlari kiradi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq AQSH Ukrainaga 650 million dollardan ortiq miqdorda harbiy yordam koʻrsatishni rejalashtirayotgani maʼlum qilingandi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, yordam paketiga Amerikaning «Harpun» kemalarga qarshi raketalar ham kiradi.
Bundan oldin Germaniya mudofaa vaziri Kristina Lambrext Germaniya, Polsha va Chexiya Ukrainaga qurol yetkazib berish boʻyicha muzokaralar olib borayotganini maʼlum qilgan edi.
Agentlik maʼlumotlariga koʻra, Germaniya allaqachon Ukrainaga qurol-yarogʻ, jumladan, dron, tankka qarshi raketalar va boshqa aslahalarni yetkazib bergan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring