Jizzaxda yuk mashinasi yonib ketdi
Videodan kadr
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida harakatlanib ketayotgan yuk avtomobilida yongʻin yuz berdi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Bildirilishicha, hodisa bugun, 9-may kuni soat 17:20 larda M-39 xalqaro avtomobil yoʻlining Sharof Rashidov tumani “Qangli” MFY hududida oʻtuvchi qismida yuz bergan. Yuk mashinasi yoʻlning 971 kilometrida harakatlanib ketayotgan vaqtida yongʻin sodir boʻlgan.
Hodisa yuzasidan viloyat FVBga xabar tushgacha, yongʻin-qutqaruv ekipajlari soat 17:39 da hodisa joyiga yetib borib, 17:47 da yongʻinni toʻliq oʻchirgan.
Alangadan avtomobilning dvigatel va salon qismi yonib zararlangan. Hozirda yongʻinning kelib chiqish sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
“Hodisa oqibatida tan-jarohati olganlar yoʻq”, deb yozadi FVB axborot xizmati.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Toshkent shahri Yashnabod tumanida “Damas” va “Cobalt” rusumli avtomobillar yonib ketgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Namangan viloyati Yangi Namangan tumanida somon tashiyotgan yuk mashinasi yonib ketgandi.
Bundan tashqari, Toshkent shahar Yangihayot tumani hududida “Epica” hamda “Spark” rusumli avtomobillar YTHga uchragani, oqibatda “Epica” yonib ketgani maʼlum qilingan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring