Jizzaxda yangi OTM tashkil etildi
Prezident qarori bilan Jizzax shahrida Qozon Federal universiteti filiali tashkil etildi.
Qarorga koʻra, Filialda quyidagi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlanadi:
geologiya;
dasturiy injiniring;
iqtisodiyot;
mashinasozlik;
davolash ishi;
stomatologiya;
farmatsiya;
tibbiy biokimyo.
Filial Qozon Federal universitetining (Rossiya Federatsiyasi) yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi.
Kadrlar tayyorlash kunduzgi, sirtqi va boshqa taʼlim shakllarida olib boriladi.
Filialda taʼlim faoliyati 2022/2023 oʻquv yilidan boshlanadi.
Qabul parametrlari manfaatdor vazirlik va idoralarning kadrlarga boʻlgan real ehtiyojini hisobga olib Filial tomonidan tasdiqlanadi.
Talabalarni oʻqishga qabul qilish davlat granti hamda toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bunda, davlat granti asosida taʼlim olgan Filial bitiruvchilari 3 yildan kam boʻlmagan muddat majburiy ishlab berish sharti bilan Oʻzbekistonning davlat organlari va tashkilotlariga taqsimlanadi.
Bitiruvchilarga Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida oliy maʼlumot sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
Qarorga koʻra, 2021/2022 oʻquv yilidan Universitet Oʻzbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali bilan hamkorlikda “Dasturiy injiniring”, “Farmatsiya” va “Axborot tizimlari va texnologiyalari” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlashni boshlaydi hamda mazkur yoʻnalishlarda oʻqishga qabul qilingan talabalar kelgusida oʻqishlarini Filialda davom ettiradi.
2022-yil yakunigacha Filial tarkibida OpenLab ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring