Jizzaxda qariyb 1,4 mlrd soʻmlik elektrdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi
Foto: Bosh prokuratura
Jizzax viloyati Zomin tumanidagi dehqon xoʻjaligi 1 milliard 395 million soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qishloq xoʻjalik ekinlarini suv nasoslari bilan sugʻorishda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlashga qaratilgan nazorat tadbirlari davomida “S.R.” fermer xoʻjaligi rahbari X.N. ushlangan.
Aniqlanishicha, u suv nasosini tarmoqqa ulagan hamda oʻrnatilgan hisobga olish uskunasiga ulanish sxemalarini oʻzgartirish yoʻli bilan tashqi taʼsir koʻrsatgan. X.N. bu orqali 1 milliard 395 million soʻmlik 622,6 ming kVt soat elektr energiyasini oʻgʻirlagan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda koʻp miqdorda oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlandi.
Shu oʻrinda Bosh prokuratura fermer va dehqonlardan faoliyati davomida energiya resurslaridan qonuniy tartibda va oqilona foydalanishni soʻragan. Shuningdek, tashkilot kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etayotgani va jazo muqarrarligini eslatib oʻtgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring