Jizzaxda optik tolali kabellar ishlab chiqarish zavodi qurilishi boshlandi
“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida “Optik tolali aloqa kabellarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish” loyihasi doirasida “Global Optical Communication Uzbekistan” (“GOC-UZ”) MCHJ qoʻshma korxonasi qurilishi uchun poydevor qoʻyish tadbiri boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi masʼul xodimlari, Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev, “Jizzax” EIZ vakillari, “GOC-UZ” qoʻshma korxonasining xorijiy investorlari va yurtimizdagi vakillari, «Oʻzbektelekom» AK vakillari, qurilish tashkiloti rahbariyati va xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Optik tolali kabellar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Global Optical Communication Uzbekistan” MCHJ Qoʻshma korxonasiga 2019-yil asos solingan. Ishlab chiqaruvchi korxona “Jizzax” EIZda «Oʻzbektelekom» AK va Janubiy Koreyaning xorijiy investorlari: “Global Optical Communication Co. Ltd.” va “Uni Asset Global Co. Ltd.” kompaniyalari bilan birgalikda tashkil etilgan. Korxona yiliga 50 ming kilometrlik optik tolali aloqa kabellari ishlab chiqarish quvvatiga ega.
— Qoʻshma korxonaning ustav kapitali 11 million AQSH dollarini tashkil etadi, bunda Janubiy Koreya kompaniyalari (55%) – 6 050 000 AQSH dollari va Oʻzbekiston tarafidan «Oʻzbektelekom» AK (45%) – 4 950 000 AQSH dollari tashkil etadi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri oʻrinbosari Jamol Maxsudov. — Joriy yilda, korxonaning birinchi bosqichda “Global Optical Communication Uzbekistan” QKning “Jizzax” EIZdagi hozirgacha mavjud binosida Koreya, Yaponiya va Xitoy kompaniyalarining zamonaviy uskunalari oʻrnatilib, ayrim mahsulotlarning namunalari ishlab chiqarilmoqda hamda koreyalik mutaxassislar bilan birga viloyat yoshlari ish oʻrganishmoqda.
Korxonaning yangi qurilayotgan ikkinchi bosqichi 4,5 gektar maydonni egallaydi va 2021-yildan boshlab 50 ming kilometrlik optik kabellarni ishlab chiqaradi va qoʻshimcha 100 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi. 2022-yilga borib ishchilarning soni 300 nafarni tashkil etadi.
Tolibjon ERGASHEV
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring