Jizzaxda odamlarni sehr-jodu qilish bilan shugʻullanib kelgan “domla” qamaldi
Jizzax shahrida yashovchi shaxs uyida norasmiy diniy faoliyat va sehrgarlik bilan shugʻullangani uchun jazolandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
U fuqarolarni turli xil diniy duolar bilan ishlarini yaxshilash, odamlarni sehr-jodu qilish bilan shugʻullanib kelgan. Uning uyi xolislar ishtirokida tekshirilganda xonadoniga 12 kishi mijoz sifatida kelib, navbat kutayotgani maʼlum boʻldi. Xonalardan esa fuqarolarning ism-sharifi yozilgan 5 ta “ish daftari” topilgan. Daftarlar ichida 100 dan ortiq kishilarning fotolari boʻlgan, shuningdek, soʻragan niyatlari qayd etib borilgan. Xususan, fuqarolardan biri boshqa ayolning eri unga qiyo boqishini, yana boshqalari esa hokim, deputat boʻlmoqchi ekani, qaynonasi uyida jim oʻtirishini xohlashi yozilgan.
Bundan tashqari, uydan nashriyoti koʻrsatilmagan diniy mazmundagi 5 ta kitob, 1 ta ot qamchisi, 9 dona osh pichogʻi, 1 dona polietilen paket ichida boʻlgan tuz, bugʻdoy, isiriq va 110 ming soʻm pul rasmiylashtirib olingan. Shuningdek, ushbu shaxs vakolati boʻlmasa-da, fuqarolarga diniy saboq berib kelgani maʼlum boʻlgan. “Domla”ning shogirdlari orasida boshqa bir tumanda yashovchi maktab oʻquvchisi ham boʻlgan.
Yuqoridagi holat yuzasidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 201-moddasi (Yigʻilishlar, mitinglar, koʻcha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, oʻtkazish tartibini buzish) 2-qismi hamda 241-moddasi (Diniy taʼlimotdan saboq berish tartibini buzish) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, toʻplangan hujjatlar mazmuniy koʻrib chiqilish uchun Jinoyat ishlari boʻyicha Jizzax shahar sudiga yuborilgan. Sud unga 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosini tayinlagan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring