Jizzaxda daraxtlarni noqonuniy kesganlarga tezkor chora koʻrildi
Joriy yilning 22-iyul kuni soat 23:00da Jizzax viloyati Ekologiya boshqarmasining “Ishonch telefoni”ga Zarbdor tumanida daraxtlarning noqonuniy kesilgani haqida murojaat kelib tushdi. Mazkur holatni oʻrganish maqsadida Ekologiya boshqarmasi inspektorlari va Zarbdor tumani IIB xodimlaridan iborat tezkor guruh soat 23:30 da voqea joyiga yetib borishdi.
Oʻrganish davomida Zarbdor tumani, A. Navoiy MFY hududida fuqarolar A. U. va Z. S. tomonidan 1 tup oʻsishdan toʻxtamagan va 1 tup qurigan archa daraxtlari noqonuniy kesilganligi aniqlandi.
Shu kuni soat 02:30 da huquqbuzarlarga tegishli boʻlgan, kesilgan daraxtlar ortilgan avtotransport vositasi jarima maydonchasiga qoʻyildi.
Fuqarolarga nisbatan MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan bayonnoma tuzildi. Mazkur huquqbuzarlik BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, davlat oʻrmon fondiga kiritilmagan daraxt va butalarga qonunga xilof ravishda shikast yetkazganlik uchun jarima miqdori moratoriy davrida besh barobar, oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar esa ikki barobarga oshirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring